Isroilda tabletka shaklidagi COVID-19 vaksinasi sinovdan oʻtkaziladi

    Isroil farmatsevtika kompaniyasi Oramed tomonidan ishlab chiqilgan tabletka shaklidagi koronavirus vaksinasi sinovlari bir necha hafta ichida boshlanishi mumkin, deya xabar bermoqda Gulf News nashri.

    Bu haqda Oramed bosh direktori Nadav Kidron maʼlum qildi. Ishlab chiqaruvchilar ichak kislota muhitida parchalanib ketmaydigan maxsus kapsuladan foydalanish hisobiga dori vositasining oshqozonga salbiy taʼsiri oldi olinishiga muvaffaq boʻlishdi. Kompaniya avvalroq yutish mumkin boʻlgan insulin kapsulasini ishlab chiqqandi.

    “Vaksina haqiqatdan ham samarali boʻlishi uchun bizga uni qabul qilishi mumkin boʻlgan koʻproq odam kerak”, dedi Kidron.

    Oramed ilmiy maslahat kengashining aʼzosi, Nobel mukofoti laureati, biokimyogar Avram Xershko bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan kapsulada virusning asosiy tuzilmalariga taqlid mavjud: boshoq oqsili, shuningdek qobiq oqsili va membrana bor. Qayd etilishicha, bunday vaksina koronavirusdan yaxshiroq himoya qiladi, chunki organizmga patogenni tanib olish osonroq boʻladi.

    Bu preparat AQSHda kech bosqichli klinik tadqiqotlarda yuzlab bemorlarga qoʻllanilgan, natijalari 2022-yil sentyabr oyida kutilmoqda.

    Oramed qoshida tashkil etilgan yangi Oravax kompaniyasida insulin kapsulasini ishlab chiqaradigan texnologiya qoʻllaniladi. Ayni paytda undan tabletka shaklidagi COVID -19 vaksinasini yaratishda foydalanish koʻzda tutilgan.

    Kompaniya bir necha mamlakatlarda sinov oʻtkazish uchun ariza topshirgan va Sogʻliqni saqlash vazirligining ruxsati berilgunga qadar, yaqin haftalarda Isroilda birinchi sinovlar boshlanishi kutilmoqda.