Isroilning Serbiyadagi elchixonasiga hujum uyushtirildi

    Shu yilning 29-iyun kuni Isroilning Belgraddagi elchixonasiga nomaʼlum shaxs hujum qilishi oqibatida qoʻriqchilardan biri yaralandi.

    Bu haqda elchixona maʼlumotlariga tayanib Aljazera xabar berdi.

    Qayd etilishicha, nomaʼlum shaxs qorovuldan muzey qayerdaligini soʻragan va qoʻlidagi sumkadan arbaletni (kamon) chiqarib qorovulga qarata oʻq uzib uni yaralagan. Politsiya xodimining tezkor harakatlari bilan nomaʼlum shaxs otib oʻldirilgan.

    Hozirda elchixonaga hujum qilgan odamning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.

    Holat yuzasidan munosabat bildirgan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, elchixonaga hujumni terakt deya baholadi va qurolli tajovuzga aloqadorlarning barchasi aniqlanishini aytdi.

    «Biz hujumchining sheriklarini qidirmoqdamiz. Biz barcha diplomatik vakolatxonalarni himoya qilamiz, shuningdek, xavfsizlik va himoyani kafolatlaymiz», – degan Serbiya prezidenti.

    Rasmiylarga koʻra, hujumga aloqadorlikda gumon qilinib, bir necha kishi hibsga olingan.