“Issiq-sovuq”dan ehtiyot boʻling yoxud konditsionerdan qanday foydalanish kerak?

    Salomatlik 2 Iyul 2022 1479

    Nodira Alixanova, Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori:

    — Konditsioner yoz jaziramasida kishini behollikdan, issiq harorat tufayli yuzaga keladigan turli bosh ogʻriqlaridan asraydi.

    Bir qarashda rohatijon konditsioner yilning issiq faslida juda ahamiyatli boʻlib koʻrinadi. Lekin uning salomatlikka zararli xususiyatlari haqida shifokorlar turli fikrlar bildirib kelishadi.

    Konditsioner zararini kamaytirish uchun undan toʻgʻri foydalanish kerakligini soha olimlari qayta-qayta taʼkidlashmokda.

    Aslida yozgi shamollashlarga koʻpincha odamning oʻzi sababchi boʻladi. Masalan, tashqarida issiq havoda terlab, soʻng muzdek xonaga kirib olamiz.

    Iliq suvda yuvinib chiqqach, yelvizakli xonada oʻtiramiz, uxlaymiz. Konditsionerdan chiqayotgan sovuq havo oqimi tananing yalligʻlanishiga sabab boʻladi.

    Butun tana aʼzolari ogʻriydi, hatto ogʻriqdan bemor boshini qimirlatolmay qoladi. Uning sovugʻi miya sohasini zararlasa, meningial simptomlar kelib chiqishi ham mumkin.

    Qurilmani tana haroratiga mos sovuqlikka qoʻysa boʻladi. Masalan, sovuq havoning inson uchun meʼyoriy holati 18 daraja hisoblanadi. Agar havo juda issiq boʻlsa, bu haroratni ozgina tushirish mumkin.

    Shuningdek, imkon qadar ish stoli konditsionerdan uzoqroqda boʻlishi kerak. Undan chiqayotgan sovuqlik oqimini tepaga yoki pastga yunaltirib qoʻying, toʻgʻridan-toʻgʻri tanaga urmasligi kerak.

    Konditsioner yaqinida oʻtirgan odamning tomogʻi quruqshaydi, koʻzi yoshlanishi, ogʻzida temir taʼmini tuyishi mumkin. Agar toʻgʻri joy tanlab oʻrnatilsa va undan chiqayotgan harorat darajasi meʼyorida boʻlsa, hech kim kasallanmaydi.