Ayniqsa, havo harorati yuqori bo‘lgan kunlarda bolalar va yoshlar favvoralardan salqinlashish vositasi sifatida foydalanishga harakat qiladi. Bir qarashda musaffo va toza ko‘ringan suv xavfsizdek tuyuladi. Biroq mutaxassislar bunday suvda cho‘milish sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.

Bu borada Sanepidqo‘mita Axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova bilan suhbatlashdik.

— Ko‘pchilik “favvoradagi suv toza, demak cho‘milsa bo‘ladi”, deb o‘ylaydi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

— Bu mutlaqo noto‘g‘ri tushuncha. Favvoralardagi suv tashqi ko‘rinishidan musaffo bo‘lishi mumkin, ammo u cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan. Ko‘pchilik favvoralarga toza ichimlik suvi quyilishini biladi. Lekin bu suv bir necha hafta davomida yopiq tizimda aylanib turadi. Shu vaqt ichida unga tashqi muhitdan turli ifloslantiruvchi omillar tushadi.

Favvoralar ochiq havoda joylashgani uchun ular shamol, yomg‘ir, qushlar, hayvonlar va atrof-muhit ta’siriga doimo ochiq bo‘ladi. Shuning uchun suv tashqi ko‘rinishidan toza bo‘lsa ham, uning sanitariya holati xavfsiz degani emas.

— Qanday infeksiyalar yuqishi mumkin?

— Favvoralardagi suv basseynlardagi kabi doimiy sanitariya nazorati va dezinfeksiyadan o‘tmaydi. Shu sababli unda turli mikroorganizmlar ko‘payishi mumkin.

Jumladan: ichak infeksiyalari, rotavirus infeksiyasi, enteroviruslar, parazitar kasalliklar, gelmint tuxumlari va lichinkalari, zamburug‘li kasalliklar.

Agar inson tasodifan suvni yutib yuborsa yoki suv ko‘z, og‘iz yoki ochiq yaraga tushsa, infeksiya yuqish ehtimoli yanada ortadi.

— Qushlar va hayvonlar ham xavf manbaimi?

— Albatta. Masalan, favvora ustidan uchib o‘tgan qush chiqindisini suvga tashlashi mumkin. U orqali turli bakteriya va parazitlar suvga tushadi.

Shuningdek, ko‘cha hayvonlari favvoradan suv ichishi yoki unga tushishi ham mumkin. Bu holat suvga gelmint tuxumlari, turli mikroblar va boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchilarining tushishiga sabab bo‘ladi.

Bularning barchasi oddiy ko‘z bilan ko‘rinmaydi.

— Faqat infeksiya emas, boshqa xavflar ham bormi?

— Ha, favvoralarda yana bir nechta jiddiy xavf mavjud.

Birinchisi — elektr xavfi. Favvoralarda nasoslar, yoritish tizimi va boshqa elektr uskunalari ishlaydi. Texnik nosozlik yuzaga kelganda tok urish xavfi paydo bo‘lishi mumkin.

Ikkinchisi — jarohatlanish xavfi. Favvora tubida sirpanchiq shilimshiq qatlam hosil bo‘ladi. Bundan tashqari, texnik moslamalar, o‘tkir qirrali detallar yoki singan shisha bo‘laklari bo‘lishi ehtimoli ham istisno emas. Bu esa yiqilish, lat yeyish va kesilishlarga olib keladi.

— Ayrimlar “suvda xlor bor, demak xavfsiz”, deyishadi. Bu haqiqatmi?

— Yo‘q. Ayrim favvoralarda suvning tashqi ko‘rinishini saqlash uchun ma’lum kimyoviy vositalar qo‘llanilishi mumkin. Ammo ular inson tanasi uchun mo‘ljallanmagan.

Ushbu moddalar teri qizarishi, allergik reaksiyalar, ko‘zning achishishi va shilliq qavatlarning ta’sirlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar bunday ta’sirlarga sezgir bo‘ladi.

— Nega bolalar favvoralarda ko‘proq xavf ostida?

— Bolalar cho‘milish jarayonida suvni bilmasdan yutib yuborishi mumkin. Ular immun tizimi kattalarnikiga nisbatan sezgirroq bo‘lgani uchun infeksiyalarga tezroq chalinish ehtimoli yuqori.

Shuningdek, bolalar sirpanchiq yuzada muvozanatni yo‘qotib yiqilishi yoki favvora konstruksiyalariga urilishi mumkin.

— Favvoralar aslida qanday maqsad uchun quriladi?

— Favvoralar shahar me’morchiligining muhim dekorativ elementi hisoblanadi. Ular atrof-muhitni bezash, havoni ma’lum darajada namlash va salqinlik hissini berish uchun barpo etiladi.

Ularning suvi ichish, cho‘milish yoki bolalarning o‘ynashi uchun mo‘ljallanmagan.

— Fuqarolarga qanday tavsiya berasiz?

— Issiq kunlarda salqinlashish uchun maxsus sanitariya talablariga javob beradigan basseynlar yoki cho‘milishga ruxsat etilgan suv havzalaridan foydalanish kerak.

Ota-onalar farzandlarini favvoralarda o‘ynash va cho‘milishdan qaytarishi, ularga buning sababini tushuntirishi muhim.

Har bir inson o‘z sog‘lig‘ini asrashi orqali jamiyat salomatligiga ham hissa qo‘shadi.

Favvoralardagi musaffo suv xavsizlik belgisi emas. Ochiq muhit ta’siri, qushlar va hayvonlar, turli mikroorganizmlar, elektr uskunalari hamda kimyoviy moddalar uni inson salomatligi uchun xavfli muhitga aylantirishi mumkin.

Shuning uchun issiq kunlarda salqinlik izlab favvoraga tushish o‘rniga, xavfsiz va sanitariya talablariga javob beradigan dam olish joylarini tanlash eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Sog‘liqni asrash esa har birimizning o‘z qo‘limizda.

Zulxumor Akbarova