“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2022-yillarda tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturi” hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni asosida korxonalarda moliyaviy, iqtisodiy va tashkiliy jarayonlarni raqamlashtirish, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha transformatsiya ishlarini olib borish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayonlarni jadallashtirish, sohaga jahonda tan olingan kompaniyalar tajribasini joriy etish maqsadida “McKinsey&Company” xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻyilgan.
“McKinsey&Company” ekspertlari ayni paytgacha “Navoiy IES” AJ va “Toshkent IES” AJda boʻlib boshqaruv hamda moliya-iqtisod jarayonlarini tahlil etishdi.
– Ayni jarayonlarda oldimizda turgan muhim vazifalar sifatida korxonalarimizni moliyaviy sogʻlomlashtirish, transformatsiya va raqamlashtirish, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlarni oʻz muddatlarida ijrosini taʼminlash, – deb taʼkidlaydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi F.Abduraxmanov. – Natijada sohaga korporativ boshqaruvning yetakchi mexanizmlarini joriy etish, elektr energetikasi sohasining erkin va shaffof bozorini shakllantirish vositasida xalqaro reytinglarga erishish.
Hamkorlikda olib borilayotgan ishlar natijasida korxonalarni raqamlashtirish va transformatsiya qilish, samarasiz xarajatlarni kamaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va elektr energiyasi bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish borasida optimal loyihalar ishlab chiqilib amaliyotga joriy etiladi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati.