«Issiqlik elektr stansiyalari»: raqamli transformatsiya jarayonining ustuvor yo‘nalishlari

    Raqamlashtirish 29 Aprel 2021 823

    Bugun raqamli texnologiyalarsiz jamiyat taraqqiyotini tasavvur etib bo‘lmaydi. Jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish tarmog‘ini raqamlashtirish soha oldida turgan muhim vazifalardan biri.

    «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va uning tarkibidagi korxonalarda raqamli transformatsiya jarayoni uyushqoqlik bilan olib borilyapti.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6079-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tizimda korporativ boshqaruv tizimi (ERP)ni joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.

    «ERP» tizimi korporativ boshqaruv muammolarini hal qilish uchun kompaniyaning barcha jarayonlarini to‘liq integratsiyalash va natijada uning o‘sishini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli raqamli boshqaruv instrumenti hisoblanadi.

    Natijada, yirik korxonalardagi ishlab chiqarish jarayoni, barcha bo‘limlar vazifalari va ma’lumotlar bazasining integratsiyasi ta’minlanadi, yagona elektron platformaga birlashtiriladi.

    Belgilangan ishlarni samarali tashkil etish va raqamli platformani tizimga joriy etish bo‘yicha korxonalarda IKS XOLDING, CAP CIA, SAPRUN integrator-kompaniyalari tomonidan o‘rganishlar olib borildi. Natijalar doimiy ravishda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va hamkor kompaniyalar vakillarining ishchi uchrashuvlarida tahlil etib borilyapti.

    Ayni paytda, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va uning tarkibidagi korxonalarda jarayonni texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun serverlarni o‘rnatish, korporativ boshqaruv, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini boshqarish va uning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha dasturiy ta’minotlar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonini masofaviy boshqarish tizimini yaratish hamda uni nazorat qilish bo‘yicha dispecherliklik markazini tashkil etish ishlari olib borilyapti, deb xabar beradi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ matbuot xizmati.