Issiqlik manbai tomonidan 4 mlrd soʻmdan ortiq asosiy hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi

    Fargʻona viloyatida isitish mavsumi davomida aholi xonadonlariga yetarli darajada issiqlik taʼminoti yetkazib berilmagan va 6,1 mingdan ortiq isteʼmolchi noreal debitor qarzdorlik hisoblangan.

    Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Aytilishicha, Raqobat qoʻmitasining Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasiga tushgan murojaatlar asosida Fargʻona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi bilan hamkorlikda maishiy isteʼmolchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hamda koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha oʻrganish ishlari olib borildi.

    Oʻrganishlarda isitish mavsumi davomida koʻp qavatli uylarga issiqlik taʼminotini yetkazib beruvchi markaziy tarmoqlarning isitish qozonxonalarida avariya holatlari (taʼminot uzilishi) sodir boʻlgan vaqtlarda hamda tabiiy gaz bosimi pastligi va boshqa asosli sabablarga koʻra, aholi xonadonlariga yetarli darajada issiqlik taʼminoti yetkazib berilmagan.

    Shuningdek, taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnomalarning tegishli bandlariga asosan qayta hisob-kitoblar amalga oshirilganda 6146 nafar isteʼmolchining xonadonlariga 4 mlrd 173 mln soʻmdan ortiq noreal debitor qarzdorliklar hisoblangani aniqlandi.

    “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

    Mazkur holat yuzasidan viloyat “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasiga isteʼmolchilarga hisoblangan 4 mlrd 173 mln soʻmdan ortiq asossiz qarzdorlikni bekor qilish yuzasidan koʻrsatma berildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida taʼminotchi korxona tomonidan koʻrsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorliklar bekor qilindi.