Issiqlik taʼminoti bilan taʼminlash jarayoni kechiktirilgani uchun shahar hokimi jiddiy ogohlantirildi

    Margʻilon shahrida koʻp kvartirali uylarni markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan taʼminlash jarayonlari kechikayotgani uchun shahar hokimi va viloyat qurilish sohasi masʼullari jiddiy ogohlantirildi.

    Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun Margʻilon shahrida boʻlib, “Guliston”, “Zuhro”, “Miltiqsoz”, “Chilonzor” MFY hududlarida joylashgan 130 ta koʻp kvartirali uyni “Fargʻona issiqlik manbai” AJ orqali markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan taʼminlash loyihasini amalga oshirish jarayonlari bilan tanishdi, hudud aholisi bilan muloqot qildi.

    Fargʻona viloyatining issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish boʻyicha manzilli dastur boʻyicha amalga oshirilayotgan ushbu loyiha qiymati 30 milliard soʻm boʻlib, uni amalga oshirish natijasida 5 711 ta xonadon issiqlik taʼminoti bilan taʼminlanadi.

    Ish jarayonining borish surʼati pastligi viloyat hokimi tomonidan qattiq tanqid qilindi. Margʻilon shahar hokimi va viloyat qurilish sohasi masʼullari jiddiy ogohlantirildi. Loyihani qisqa muddatda yakunlash uchun kunma-kun reja-grafik ishlab chiqish, barcha mutasaddilar ishtirokida doimiy shtab tashkil qilib, ishlarning belgilangan muddatlarda yakunlanishini taʼminlash boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.