“Issiqqina kaftlarimdan shabnam ichadi quyosh”

    Madaniyat 24 Dekabr 2020 2251

    O'zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor 100 yoshga to'ldi

    Ushbu qutlug' sana munosabati bilan tongda O'zbekiston Yоzuvchilar uyushmasi jamoasi, adibning oila a'zolari, yozuvchi-shoirlar “Chig'atoy” qabristoniga yo'l olishdi. Yig'ilganlar mehridaryo va talabchan muharrir, yorug' tuyg'ularni tarannum etgan shoir va yozuvchi haqidagi xotiralarni esga olishib, marhumning ruhiga Qur'on tilovat qilishdi.

    Shu kuni yozuvchi yashab ijod qilgan xonadonda yodgorlik lavhi ham o'rnatildi. Ushbu barel`efning ochilish marosimida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslar va jurnalistlar ishtirok etishdi. Unda O'zbekiston xalq shoiri va Uyushma raisi Sirojiddin Sayyid, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do'stmuhammad, yozuvchining o'g'li eldor Muxtor so'zga chiqib, adibning ijodi bilan bog'liq iliq xotiralarni esga oldi.

    Ochilish marosimida so'zga chiqqan, O'zbekiston Badiiy akademiyasi O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi, mazkur barel`ef muallifi Ulug'bek Otanazarov lavhni yaratish jarayonida yozuvchining hayoti va ijodini batafsil o'rganishga harakat qilganini aytib o'tdi.

    “el-yurt kerak ekan odamga”

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o'tkazilgan xotira kechasi shunday nomlandi. Unda O'zbekiston xalq shoiri, Uyushma raisi Sirojiddin Sayyid tadbirni ochib berar ekan, Asqad Muxtor XX asrning 30-yillari oxirida adabiyot maydoniga kirib kelgani, uning ko'p qirrali ijodida zamondoshlarimiz, ayniqsa, O'zbekiston aholisi hayoti va tafakkurida yuz bergan eng muhim o'zgarishlar badiiy ifodasini topganini ta'kidladi.

    – Asqad Muxtor o'z asarlarida hamisha xalqning ko'nglini ko'taradigan, odamlar qalbiga quvonch olib kiradigan, ularni o'ylatib qo'yadigan so'zlarni topib aytgan, – deydi O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi Ibrohim G'afurov. – Shoir ko'zi bilan hayotga, olamga nigoh tashlasangiz, go'yo hayratlar girdobiga tushasiz, dunyo sirga, sehrga to'ladi. Har bir narsa, hodisa o'ziga xos ma'no kasb etadi, nazaringizda daryoda suv emas xotiralar oqadi, daryo oqimi esa bosib o'tgan yo'l umr yo'lingiz bo'lib ko'rinadi.

    Xotira kechasi yakunida yozuvchining farzandi eldor Muxtor so'zga chiqib, tashkilotchilarga o'z minnatdorligini izhor qildi va otasining adabiy merosi asrlar osha adabiyot dunyosi hamda kelajak avlodning ma'naviy kamolotida katta xizmat ko'rsatishini ta'kidladi.

    Yashil shovullagan chinor kuylari...

    “Ijod” fondi ko'magi bilan Asqad Muxtorning ikki jildli “Tanlangan asarlar”i “BAKTRIA PRESS” nashriyotida hamda bir jildli “Tanlangan asarlar”i “Sharq” nashriyotida chop etildi. Ushbu kitoblarga yozuvchining roman, qissa, she'r va hikoyalar jamlandi. Bu esa adib tavalludining 100 yilligi va adabiyot muxlislari uchun ajoyib sovg'a bo'ldi.

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O'zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor tavalludining 100 yilligiga bag'ishlangan kitoblar ko'zgazmasi ham tashkil etildi. Unda adibning o'zbek va rus tillarida umri davomida chop etilgan kitoblari, gazeta va jurnallarda yozuvchi hayoti va ijodi haqida berilgan maqolalar, Asqad Muxtorning “Ijod” jamoat fondi ko'magi bilan “Sharq” va “BAKTRIA PRESS” nashriyotlarida shu kunlarda chop etilgan bir va ikki jildli “Tanlangan asarlar”i namoyish qilindi. Ko'rgazmani tomosha qilayotgan chog'imizda sevimli yozuvchimizning: “Chinorning mangu yashil shovullashi eshitilardi...” degan misralari ko'nglimizdan o'tdi.

    Shuningdek, adib hayotining betakror lavhalari aks etgan fotoko'rgazma ham adabiyot ixlosmandlari e'tirofiga sazovor bo'ldi. Ko'rgazmada adib va uning qadrdonlari davrasi aks etgan fotosuratlar namoyish etildi.

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri