Sabzavot, ko'katlar va ko'chat yetishtirish uchun issiqxonadan foydalanib, juda qiziqarli va daromadli tijorat g'oyasini amalga oshirish mumkin. Axir, uy oldidagi kichik issiqxona ham xo'jalikni rivojlantirish uchun asos bo'lib, vaqt o'tishi bilan barqaror daromad manbaiga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, maqbul sharoitlarda etishtirilgan yangi, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari doimo dasturxonda bo'ladi.

2021-yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari tomorqa erlaridan yanada samarali foydalanish uchun 40 ta issiqxonani Buxoro viloyati Buxoro tumani va Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanlari qishloq aholisiga yetkazib berishda ana shu tamoyil asos bo'ldi. Benefitsiarlar mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj fuqarolar ro'yxati asosida tanlab olindi.

Ko'mak O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi, O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi va ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan FAO va Global ekologik jamg'armaning «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» (CACILM-2) loyihasi doirasida amalga oshirildi.

— Yuqori daromad faqat issiqxonani doimiy takomillashtirish va bosqichma-bosqich kengaytirish orqali olinishi mumkin. Bu esa ekinlarlarni ekish va to'g'ri parvarish qilish bo'yicha ma'lum ko'nikma, malaka va bilimlarni talab etadi. Shu bois issiqxonalar qurib berilgandan so'ng darhol ularning egalari uchun maxsus treninglar o'tkazdik va qishloq aholisiga issiqxonani boshqarishning barcha jihatlarini o'rgatdik”, — deydi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Bu qishloq uy xo'jaliklari uchun sezilarli yordam bo'ldi. Bundan buyon ular yer uchastkalaridan yil davomida unumli foydalana oladilar, oziq-ovqat bilan o'zini-o'zi ta'minlash, shuningdek, qo'shimcha daromad olish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Bir vaqtning o'zida ushbu tadbir bilan bandlikni ta'minlashga ham hissa qo'shildi.

Ta'kidlash joizki, loyiha doirasida 2021-yil davomida benefitsiarlarga 108 ta issiqxona ajratilgan. Yaqinda topshirilgan issiqxonalardan tashqari, yanvar oyida Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlarida koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy-iqtisodiy ko'mak sifatida 34 ta issiqxona tomorqa yer egalariga topshirilgan edi. Shuningdek, “Zamin” Xalqaro jamoat fondi, FAO, Xalq ta'limi vazirligi va Prezident ta'lim muassasalari agentligi tashabbusi bilan “Zamin Eco-Education” dasturining “Yosh fermer” yangi loyihasini qo'llab-quvvatlash maqsadida ekomaktablarga 22, bolalar bog'chalariga 12 issiqxona qurib berildi. Ushbu issiqxonalarda o'quvchilarning atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo'jaligi, ekologiya va resurslardan oqilona foydalanish bo'yicha bilim va ko'nikmalarini oshirish maqsadida amaliy mashg'ulotlar o'tkaziladi.

CACILM-2 loyihasi qishloq aholisiga yordam ko'rsatishni davom ettirmoqda va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga hissa qo'shmoqda.