Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi ayni yoʻnalishda dehqon va fermerlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish, xorijiy ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, sohadagi yutuqlarni amaliyotda keng joriy qilish maqsadida joylarda seminarlar tashkil etyapti. Shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyatida issiqxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun  oʻtkazildi.  Bu haqda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Seminarga turkiyalik agronom mutaxassislar taklif etildi. Bu sohada 25 yillik tajribaga ega Turan Chay oʻz bilganlari bilan boʻlisharkan, koʻchatlarni parvarishlash jarayonida eʼtibor qaratish muhim boʻlgan jihatlar, ekinlarni sugʻorishda suv balansini saqlash, oʻgʻitlarni ishlatish usullari haqida gapirib berdi. Oʻz navbatida yurtimizda issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish borasidagi ishlarga munosabat bildirdi.

— Bugungi kunda butun dunyoda kuzatilayotgan oziq-ovqat tanqisligini oldini olish borasidagi muhim yechimlardan biri — issiqxonalar sonini koʻpaytirish va ulardan sifatli mahsulotlar olishdir. Juda koʻplab davlatlarda issiqxonalardan unumli foydalanishga jiddiy eʼtibor berilyapti, -deydi Turan Chay.

5 oydan buyon yurtimizda boʻlib turgan turkiyalik mutaxassis Oʻzbekistonda issiqxona xoʻjaligini rivojlantirishda juda katta  ishlar olib borilayotganligiga guvoh boʻlmoqda. Uning aytishicha, bu yerdagi muammolardan biri – tuproqdagi  shoʻrlanish miqdorining yuqoriligidir. Bunga ham oʻziga xos yechim bor albatta. Yaʼni, koʻproq tuproqda emas, gidroponika  usulida mahsulot yetishtirishga  harakat qilish lozim.

— 50-100 gektar yer maydonlarida tashkil qilingan issiqxonalarni borib koʻrdim. U yerlarda zamonaviy texnika, texneologiyalardan, zamonaviy usullardan keng foydalanilmoqda.  Issiqxonalarda ishlarni yanada samarali tashkil qilish boʻyicha oʻz maslatlarimni berdim. Men hozirda Turkiyada keng qoʻllanilayotgan  “OʻzMuz” tizimini koʻpchilikka tavsiya qildim. Suv va tuproqdagi shoʻrlanishning yuqoriligi kuzatiluvchi holatlarda bu eng yaxshi tizim, — deya taʼkidladi turkiyalik agronom. Trening davomida ishtirokchilar xorijlik mutaxassisga oʻz faoliyatidan kelib chiqib savol berdi va issiqxona faoliyatini samarali tashkil qilish boʻyicha zarur tavsiyalar oldi.