Issiqxona xoʻjaliklari yangi sifat bosqichiga chiqmoqda

    Hukumat 21 Yanvar 2021 6331

    Buxoro tumanidagi “Buxoro Varnet” korxonasi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda bu yerga kelganida ish endi boshlangan edi. Hozirgi kunda u zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanmoqda.

    Avval bu yerda faqat issiqxona boʻlgan boʻlsa, endilikda uning yonida oʻquv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilmoqda. Yaʼni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak boʻlsa, shu yerda tayyorlanadi.

    Davlatimiz rahbari bu galgi tashrifi chogʻida mazkur majmuaning yangi imkoniyatlari bilan tanishdi.

    – Issiqxonalar bilan shuncha yildan beri shugʻullanyapmiz, lekin professionallar yoʻq edi. Endi bu yoʻnalish yangi sifat bosqichiga chiqyapti, – dedi Prezident.

    Buxoro viloyatining koʻp yerlari shoʻrxok va qumloq, suv esa tanqis. Bunday joylarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay. Shu bois 2018-yil 10-iyuldagi Prezident qarori bilan “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi. Bu zona uchun Jondor, Kogon, Peshku, Romitan va Buxoro tumanlaridan 3 ming gektar yer ajratildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etilib, klaster tizimida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratildi.

    “Buxoro Varnet” korxonasi ham ana shu imkoniyatlar samarasi. Loyihaning umumiy qiymati 120 million dollardan ziyod boʻlib, bu mablagʻning hammasini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar tashkil etadi.

    Bugungi kungacha 10 million dollar tashqi investitsiya oʻzlashtirilib, 13 gektar maydonda issiqxona qurib bitkazildi, 260 dan ortiq ish oʻrni yaratildi. Yana 17 gektarda qurilish ishlari davom etmoqda.

    Oʻtgan yili qariyb 20 milliard soʻmlik mahsulot yetishtirilib, 1 million dollarlik eksport qilingan. Joriy yilda 26 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan.

    Korxona uchun qariyb 113 gektar yer ajratilgan boʻlib, toʻliq ishga tushganda yillik quvvati 33,8 ming tonna boʻladi, jami 2 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi.

    Prezident 2020-yil 12-dekabr kuni Xorazm viloyatida boʻlganida yirik issiqxonalar huzurida oʻquv markazi ochib, shu yoʻnalishga qiziqqan tadbirkorlar va yoshlarni tayyorlash kerakligini taʼkidlagan edi. Davlatimiz rahbari “Buxoro Varnet” korxonasida tashkil etilgan shunday markazni kirib koʻrdi.

    – Bu tizim nima uchun muhim? Birinchidan, yoshlarimizga rivojlangan mamlakatlar mutaxassislari onlayn rejimda dars beradi. Ikkinchidan, issiqxonalar uchun zarur materiallar mahalliylashtiriladi. Eng muhimi, bozor talabiga mos mahsulot ishlab chiqariladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shu yerda 2021-yil uchun Buxoro viloyatida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Barcha loyihalardan koʻzlangan yagona maqsad – aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirishda qishloq xoʻjaligini drayverga aylantirish.