Maʼlumot uchun: “Innoprom – 2024” koʻrgazma maydoni 50 000 kvadrat/metrni tashkil etdi. Koʻrgazmada Xitoy, Turkiya, BAA, Belarus va boshqa mamlakatlar mahsulotlari namoyish etilyapti. Koʻrgazma dasturida sanoatni rivojlantirish va investitsiyalar, savdo aloqalari, energetika va boshqa dolzarb mavzularda 100 dan ortiq davra suhbatlari va panel munozaralari oʻrin olgan.
Koʻrgazmaning asosiy tadbiri “Ufq – 2035: SHHT – jahon iqtisodiyotining oʻqi” nomli panel munozarasi boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov, Qirgʻiziston Respublikasi iqtisodiyot va tijorat vaziri Daniyar Amangeldiyev, Qozogʻiston Respublikasi sanoat va qurilish vaziri Kanat Sharlapayev, Belarus Respublikasi sanoat vaziri Aleksandr Rogojnik, Tojikiston Respublikasining sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir hamda SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Sohail Xon maʼruza qildilar.
Laziz Kudratov oʻz nutqida Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) hududida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish mexanizmlarini, shuningdek, loyiha faoliyati va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan moliyalashtirish mexanizmlari joriy etishni nazarda tutuvchi yangi iqtisodiy muloqot boʻyicha hamkorlik dasturini yaratish taklifining konstruktivligini alohida taʼkidladi.
Koʻrgazma doirasida Rossiya Federatsiyasining qator vazirliklari, hududlari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Xususan, Rossiya Federatsiyasining yangi tayinlangan sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov bilan muzokaralar chogʻida tomonlar amaldagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etish jarayonini atroflicha muhokama qildilar va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Umuman olganda, RFga tashrif doirasida oʻtkazilgan tadbirlar, uchrashuv va muzokaralar tomonlarning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi istiqbolli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha keng qamrovli qoʻshma ishlarni davom ettirishga ijobiy munosabati va tayyorligini yaqqol namoyon etdi.