Suhbatda tomonlar Rossiya Federatsiyasining yetakchi ilm-fan va taʼlim muassasasi RXXDBA negizida respublika davlat organlarining 150 nafar vakillari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha olib borilgan dastlabki ishlar natijalarini muhokama qildilar.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimizda kadrlar zaxirasini shakllantirish va tayyorlash boʻyicha kompleks vazifalar belgilangani qayd etildi. Oʻzbekiston milliy iqtisodiyotini rivojlantirishdagi dolzarb muammolarni hal etish uchun zarur boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlash maqsadida modullar mavzulari boʻyicha tegishli takliflar kiritildi.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Tadbir yakunlari boʻyicha tomonlar Memorandumning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ishonch bildirdilar. Bu oʻz navbatida davlat organlarini kadrlar bilan taʼminlash sifatini oshirishga xizmat qiladi. Akademik, ilmiy va madaniy almashinuvlar hamda taʼlim va madaniy dasturlarni amalga oshirish sohasidagi Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligining yanada chuqurlashishiga ishonch bildirildi.