Suhbat chogʻida mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari muhokama etildi.
Tomonlar konstruktiv fikr almashib, yaqin istiqboldagi aniq vazifalarni belgilab oldi. Xususan, oʻzaro savdoda cheklovlarni bekor qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish uchun kvotalar ajratish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron tizimlaridan foydalanish, nazorat-oʻtkazish punktlarini modernizatsiya qilish borasida kelishib olindi.
“Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi» faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyatlari va tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish dasturini muvofiqlashtirish jarayoni alohida koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muhokama etilgan masalalarni qisqa muddatlarda amaliyotga tatbiq etishga tayyorligini bildirdilar hamda aniq muddatlar va masʼul shaxslarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.