Safar davomida oliy oʻquv yurti rektori professor Omer Jeran bilan tibbiy taʼlim yoʻnalishidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati atroflicha muhokama etildi.
Maʼlumot oʻrnida, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Istanbul Medipol universiteti oʻrtasida 2022-yil hamkorlik oʻrnatilib, 2023-yil memorandum imzolangan edi.
Buning davomi sifatida shu yil “Kattalarda va bolalarda boʻgʻim kasalliklariga zamonaviy yondashuv” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi va unda ushbu oliy oʻquv yurti klinikasidan bir guruh ortoped-shifokorlar ishtirok etdi. Tadbir soʻngida TTA qoshida mazkur universitet vakolatxonasi ochildi.
Oʻtkazilgan bu galgi uchrashuvda esa tibbiy taʼlim yoʻnalishidagi oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Yoʻl xaritasi imzolandi.
Unga koʻra, joriy yil yurtimizda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston – Turkiya xalqaro sogʻliqni saqlash forumida ishtirok etish, pedagog xodimlar malakasini oshirish va talabalarning akademik mobilligini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Muloqot yakunida Istanbul Medipol universiteti qoshida TTA vakolatxonasi ochilib, rektor A. Shodmonovga universitetning “Faxriy professor”i unvoni topshirildi.