Istanbulda bir guruh oʻzbekistonliklar nega qoʻlga olingani maʼlum qilindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh oʻzbekistonliklar Istanbul shahrida qoʻlga olingani haqida xabarlar tarqaldi.

    Mazkur xabar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.

    «Darhaqiqat, shu yilning 29-sentyabr kuni Istanbulda 6 nafar shaxs, jumladan, bloger „Jasmin« (Muzaffar Rahimov) ham mahalliy politsiya tomonidan qoʻlga olinib, 30-sentyabrda Maltepe yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan», — deyiladi xabarda.

    Xabarda taʼkidlanishicha, ular giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq jinoyatni sodir etishda gumonlanmoqda.

    Tintuv davomida olingan ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan, tergov davom etmoqda, — deyiladi Bosh konsulxona bayonotida.