Marosim Prezidentning Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari ishtirokida Anqaradan onlayn tarzda oʻtkazildi. Istanbuldagi tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova, Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Mirvohid Azimov hamda Turkiya tomoni masʼul vakillari ishtirok etdi.

Maʼlum qilinishicha, 600 oʻringa moʻljallangan mazkur taʼlim muassasasi Oʻzbekistonning xorijda tashkil etilayotgan ilk davlat umumtaʼlim maktabi boʻladi. Oʻquv jarayoni oʻzbek tilida, Oʻzbekistonning davlat taʼlim dasturlari asosida olib boriladi.

Hozirda maktab loyihasini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Taʼlim muassasasi Istanbul shahrining Bakirkyoy tumanida, E-5 halqa yoʻli boʻyida, MÜSİAD binosi yaqinida qurilishi rejalashtirilgan.