Istanbulda qiyin ahvolda qolgan 6 nafar yurtdoshimiz Oʻzbekistonga qaytarildi

    Ijtimoiy hayot 9 May 2021 681

    Turkiya Respublikasining Istanbul shahriga ishlash maqsadida borib, pandemiya sharoitida moliyaviy qiyin ahvolda qolgan va koronavirus kasalligini boshidan oʻtkazgan Oʻzbekiston fuqarolari – T.I, M.Yu va ularning farzandlari Vatanga qaytarildi.

    Ular Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yordam soʻrab murojaat qilgan edi.

    Mazkur murojaatlarni qanoatlantirish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Bosh konsulxona va Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorligida belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilib, fuqarolar Istanbul-Toshkent yoʻnalishidagi aviareys orqali Oʻzbekistonga olib kelindi.

    Moliyaviy qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizni Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Xalqaro migratsiya tashkiloti masʼul xodimlari kutib oldi va ular yashash manziliga kuzatildi.