Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, uning onasi Oʻzbekistondagi turmush oʻrtogʻidan ajrashgach, Istanbulga koʻchib borib, imom nikoh asosida turk fuqarosi bilan turmush qurgan. Avval boshda farzandini buvasiga vasiylikka qoldirgan boʻlsa-da, 2024-yil iyun oyida uni Turkiyaga olib kelgan. Biroq qonuniy hujjatlari mavjud boʻlmagani sababli farzandini maktabga joylashtira olmagan. Shuning uchun A.A. bir yildan ortiq vaqt mobaynida maktabga bormagan.
Politsiya xodimlari tomonidan aniqlangach, fuqaromiz Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga olib kelingan.
Suhbat davomida uning koʻrish qobiliyati yomonlashgani va tibbiy koʻrikdan oʻtmagani maʼlum boʻlgan. “Oʻzbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” jamiyati hamda mahalliy diaspora koʻmagida A.A. tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, zarur muolajalar berildi.
U bilan oʻtkazilgan suhbatda A.A. katta orzularga ega ekani maʼlum boʻldi. U maktabga bormaganiga qaramay, turk va ingliz tillarini mustaqil oʻrgangan, bir nechta hunarlarni egallay boshlagan. Kelajakda maktabni tugatib, oliygohda tahsil olish va Oʻzbekiston rivojiga hissa qoʻshishni niyat qilgan.
Hozirda u yurtimizga qaytarilib, tegishli mutasaddi tashkilotlar yordamida taʼlim olishni davom ettirmoqda.
Bosh konsulxona mazkur ishda moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatgan “Oʻzbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” jamiyati, “Uzbekistan Airways” Turkiyadagi vakolatxonasi, Oʻzbekistondagi voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi idoralar hamda faol diaspora vakillariga minnatdorlik bildirdi.