Istanbuldagi lola mavsumi haqida eshitganmisiz?

    Bilasizmi? 23 Mart 2023 1931

    Lolalar mavsumi Istanbulga bahor kelganidan darak beradi.

    Har yili aprel oyida Istanbulning eng mashhur joylari rang-barang bahor lolalari bilan burkanib, butun dunyoda yuksak qiziqish uygʻotadi. Sultonahmet maydonida lola yetishtirishning akvakultura usulidan foydalangan holda keng maydonga “lola gilami” toʻqilgan. Bu hayratlanarli manzara mahalliy aholini ham, chet ellik mehmonlarni ham hayratga soladi. Xuddi shunday manzaralarni Istanbuldagi Emirgan bogʻi, Gulhane bogʻi, Yulduz bogʻi, Soʻgʻanli botanika bogʻi, Beykoz bogʻi, Buyuk Chamlija bogʻi, Kichik Chamlija bogʻi, Fethipasha bogʻi va Hidiv Pavilion bogʻida uchratish mumkin.

    Turk sanʼati va madaniyatida lola ramzi alohida oʻrin tutadi

    Lolalar Onadoʻliga Oʻrta Osiyoning Pomir togʻi turklari tomonidan olib kelingan. Lola turk madaniyatining eng muhim timsollaridandir. U piyozsimon oʻsimlik boʻlib, XII asrdan beri hunarmandchilikda bezak naqshlari namunasi sifatida qoʻllanila boshlandi. Bu goʻzal, betakror va rang-barang gullar Usmonlilar davrida sheʼrlar, farmonlar, hikoyalar va miniatyura rasmlarining asosiy mavzusi sifatida urfda boʻlgan. Lola naqshlari masjidlar, qabr toshlari va saroy bezaklarida, shuningdek, gilam hamda mato naqshlarida, kaftan va sep sandiqlarida, hatto tangalar, jangovar dubulgʻalarda ham keng qoʻllanilgan.

    Lolalar, asosan, XVI asrda Usmoniylar imperiyasining poytaxti Istanbulda yetishtirilgan va butun shahar boʻylab manzarali gullar sifatida ekilgan. Lolalarga boʻlgan bu ishtiyoq Sulaymon Shoh hukmronligi davrida keng tarqalgan boʻlib, bu oʻsimlikning turli xil va navlarini rivojlanishiga olib keldi. Ayniqsa, shaharning ramzi boʻlgan Istanbul lolasi oʻsha davrda paydo boʻldi. Sulton Ahmad III davrida lola ikki mingga yaqin navi bilan shuhrat qozondi va XVIII asrga Lola davri deya nom berildi.

    Har bir rang alohida maʼnoga ega

    Lola navlari koʻpayib borgani sari lolalar va ularning ranglari turli maʼnolarga ega boʻldi. Qizil lolalar sevgini, oq lolalar esa poklik va hokisorlikni ifodalagan. Binafsharang gullar “olijanoblik va romantika” ni, sariq rang esa “quvonch” ni bildiradi. Noyob qora lola “pinxon, qoʻl yetmas” degan maʼnoni anglatsa, chiziqli lola esa “betakror goʻzallik”ka ishora qiladi.

    Turk madaniyatida shunday muhim oʻrin tutgan bu ajoyib gul XV asrning ikkinchi yarmida Avstriyaning Vena shahriga, soʻngra Niderlandiyaga olib kelingan va shu tariqa Yevropaga tanishtirilgan. Gollandiyada tezda katta shuhrat qozongan lolalar Kanada poytaxti Ottavaga olib kelindi va dunyoga mashhur boʻldi.

    Bugungi kunda Onadoʻlida juda koʻp lola navlari yetishtirilmoqda. Eng hayratlanarlilari orasida “yigʻlayotgan kelin” deb ham ataladigan “engashgan lola” bor. Dunyo boʻylab ushbu boshi quyiga egilgan lolalarning 167 turi mavjud; Ulardan 20 tasi endemik boʻlib, 43 turini Turkiyada uchratish mumkin.