Toshkentlik Feruza Gulmirzayeva federatsiyaning ishonch telefoni orqali murojaat qilgan. Uning maʼlum qilishicha, 2021-yilning oktyabr oyida Shayxontohur tumani Beltepa mavzesida joylashgan “Imzo” doʻkonidan 17 993 000 soʻmlik plastik deraza olish uchun pul toʻlagan. Biroq isteʼmolchining xonadoniga oynalarni oʻrnatish jarayonida sifatsiz xizmat koʻrsatilgan.
Murojaatchining arizasiga binoan holat oʻrganilib, derazani oʻrnatib bergan korxona ishchisiga amaldagi qonun hujjatlari yuzasidan tushuntirish olib borildi. Shundan soʻng F.Gulmirzayeva xonadoniga sifatli oynalar oʻrnatilib, moddiy zarar ham undirib berildi.
Yana bir murojaatchi Davron Xolaydinov Toshkent shahridagi “Malika” savdo majmuasidan 4 500 000 soʻmga televizor xarid qilgan. Uyga kelib televizorni ishlatib koʻrganda uning sifatsizligi maʼlum boʻlgan. Toshkent shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari “Malika” savdo majmuasiga borib, sotuvchiga holatni tushuntirib, televizor chindan ham nosozligini isbotlab bergan. Muammo ijobiy yechim topib, sotuvchi D.Xolaydinovga televizorning pulini qaytarib berdi.
Shunday holatlardan biri isteʼmolchi Davlatshoh Boboyev bilan yuz berdi. U ham “Malika” savdo majmuasidan “Poko X3 pro” rusumli telefonni 3 010 000 soʻmga sotib olgan. Ammo telefon IMEI roʻyxatidan oʻtkazilmagani bois isteʼmolchi telefon apparatini ishlatib boshlagach, bloklanib qolgani toʻgʻrisida maʼlumot keladi. Shundan soʻng isteʼmolchi telefonni ishlata olmagan.
Fuqaro bu vaziyatda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga bogʻlanib, ariza qoldirgan. Ushbu murojaat ham Shayxontohur tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilib, ish yakunida sotuvchi tomonidan isteʼmolchiga mahsulot puli qaytarib berilishiga erishildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.