Iste'molchi sarsongarchiligiga barham berildi

    Navoiylik fuqaro avtomashina uchun to'lagan pulini qaytarib oldi.

    Navoiy viloyati Karmana tumani “Kalovat” MFYda yashovchi Elmurod Ro'ziyev 2021-yil 19-oktyabr kuni O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining "1091" ishonch telefoniga murojaat qilib, xizmat ko'rsatuvchi tashkilotga avtomashina uchun boshlang'ich to'lovni amalga oshirganini, ma'lum sabablarga ko'ra, to'lov pulini qaytarib olmoqchi bo'lganida esa, ko'plab muammolarga duch kelayotgani, ovvora-yu sarson bo'layotganini bayon qilib, iste'molchi sifatida buzilayotgan huquqlari himoyalanishida va muammosini bartaraf etishda amaliy yordam so'ragan.

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmatidan ma'lum qilishicha, murojaat Navoiy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o'rganilib, fuqaroning avtomashina uchun to'lagan va ololmay yurgan 8 million 838 ming so'm miqdordagi pul mablag'i xizmat ko'rsatuvchi MCHJ tomonidan iste'molchiga qaytarildi.