Navoiyda viloyat markazidan tashqari barcha tuman va shaharlarda suyultirilgan gaz isteʼmolchilari mavjud. Ularga belgilangan muddatlarda, reja-grafikka asosan, suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Jumladan, isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish uchun 25 dona “ISUZU” va 6 dona “MAN” rusumli avtotransport vositasi ajratilgan. Hududda 4 ta gaz tarqatish shaxobchasi va 1 ta gaz taqsimlash stansiyasi faoliyat koʻrsatadi.
Jamiyatning qator sohalari kabi gaz taʼminoti tizimining suyultirilgan gaz yoʻnalishiga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi bilan bugun oldingiga nisbatan ish unumdorligi tubdan farq qilmoqda. Buni isboti sifatida, aniq natijalarga eʼtibor qaratamiz. “Hududgaztaʻminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suyultirilgan gaz taʼminotida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgach, hududlarda aholiga gaz tarqatadigan masʼul shaxslarning taʼminot xaridi uchun isteʼmolchidan naqd pul qabul qilishiga chek qoʻyildi. Bundan koʻzlangan maqsad, birinchi navbatda shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan.
Masalan, shu vaqtgacha agarda 20 kilogramm uglevodorodli suyultirilgan gaz solingan bitta gaz ballon xaridi uchun belgilangan tartib boʻyicha 22 400 soʻm toʻlanishi kerak boʻlsa, isteʼmolchi soha xodimiga kamida 23 000 soʻm berardi. Xodim esa 600 soʻm qaytarishiga toʻgʻri kelardi. Oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, bu isteʼmolchi va soha xodimi uchun ovoragarchilik, turli tushunmovchiliklarga sabab boʻlardi. Oʻrtada aholining tizimga boʻlgan ishonchiga putur yetishi ehtimollari ham mavjud edi. Hozir esa isteʼmolchi oʻziga taqdim qilingan ID-kartani yetarli mablagʻ bilan taʼminlaydi. Gaz ballon olganida, uning hisobidan 22 400 soʻm yechib olinadi. Isteʼmolchining telefon raqamiga xarid maʼlumoti haqida SMS xabarnoma keladi.
— Ayni kunda Navoiy viloyatida 100 mingdan ortiq suyultirilgan gaz isteʼmolchisi mavjud boʻlsa, shundan 28 ming nafardan ortigʻi Xatirchi tumaniga toʻgʻri keladi. Isteʼmolchi koʻp, baʼzi mahallalar togʻli hududlarda joylashgan, — deydi “Xatirchitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xizmat boshligʻi Vahob Norqulov. — Demak, ish hajmi ham shunga yarasha. Isteʼmolchilar orasida gaz balonni vaqtida qabul qilmaydigan yoki kartasiga mablagʻ toʻldirishni unutib qoʻyadiganlari ham bor. Bir yoki ikki nafar isteʼmolchi uchun gaz ballon tashuvchi texnikaning shu hududga qaytib kelishi ortiqcha xarajat talab etadi, xodimlarning qancha vaqti bekorga ketadi. Shuning uchun isteʼmolchilar masʼuliyatni oshirishlari zarur.
Tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlar aholisini gaz ballon bilan belgilangan muddatda taʼminlab borish eng muhim masalalardan biri. Bunda isteʼmolchi ham oʻz majburiyatini unutmasligi zarur. Aslida, belgilangan meʼyor boʻyicha har bir isteʼmolchiga gaz ballon kamida bir oyda, uzogʻi 40-45 kun oraligʻida yetkazilishi kerak. Ammo, “guruch kurmaksiz boʻlmaydi”. Afsuski, oldin tizimdagi baʼzi xodimlarning ishiga sovuqqonlik, eʼtiborsizlik bilan yondashganligi bois, qaysidir hududlarda isteʼmolchilarga oʻz vaqtida gaz ballon yetib bormaslik holatlari ham kuzatilgan (resurs masalasi bundan mustasno). Avtomatlashtirilgan tizim imkoniyatlari tufayli esa bu kabi kamchiliklar toʻliq bartaraf etilmoqda. Abonentlarga berilgan ID-kartalar “Ye-Gaz” onlayn tizimiga ulangan boʻlib, isteʼmolchi bir oy toʻlmasdan turib, yangi gaz ballon olish imkoniga ega emas. Yaʼni, ID-kartada barcha maʼlumotlar joylangan boʻlib, isteʼmolchining oxirgi marta qachon gaz ballon bilan taʼminlanganligi “Ye-Gaz” onlayn tizimida koʻrinib turadi. Bitta xoʻjalikka faqat bir dona gaz ballon beriladi. Qolaversa, endi aholiga gaz ballon tarqatadigan xodimlarga koʻrsatadigan xizmatining hajmi va sifatiga qarab maosh belgilash tartibi joriy etildi. Va bu maxsus baza orqali nazorat qilib turiladi. Eng muhimi, suyultirilgan gaz narxining sunʼiy oshirilishiga chek qoʻyiladi.
Taʼkidlanganidek, Navoiy viloyati togʻlik va choʻllik hududlardan iborat. Aloqa sifati har xil. Ammo bu yangi tizimni aloqa sifati yaxshi boʻlmagan hududlarda joriy etishning imkoni yoʻq, degani emas. Isteʼmolchilarning suyultirilgan gaz taʼminoti uchun “Ye-Gaz!” tizimini faollashtirishda viloyatdagi aloqa xizmati yaxshi boʻlgan hududlarda “on-line” tizimdan foydalaniladi. Aloqa xizmati yaxshi boʻlmagan 20 taga yaqin mahalla va ovullarda, jumladan, Tomdi tumanining “Ayaqquduq”, “Shiyeli”, Konimex tumanining “Boymurot”, “Uchtepa”, Nurotaning “Temirqovuq”, Qiziltepaning “Oʻrtachoʻl” hududlarida “Ye-gaz” tizimini faollashtirishda “of-line” tizim yoʻlga qoʻyilgan. Yaʼni, isteʼmolchi yetkazilgan gaz ballon uchun karta orqali hisob-kitobni amalga oshiradi. Ammo undan qabul qilingan mablagʻ ushbu hududda bazada koʻrinmaydi. Gaz xodimlari aloqa mavjud hududga chiqishgach, “Ye-Gaz” tizim xotirasida saqlangan mablagʻlar bazada koʻrinadi va isteʼmolchining bir dona gaz ballon uchun toʻlovni amalga oshirgani tasdiqlanadi.
Bir soʻz bilan aytganda, raqamli iqtisodiyot aniqlikni, ish unumdorligi va sifatini taʼminlaydi. Eng muhimi, isteʼmolchi va xodim oʻrtasida ishonchli koʻprik vazifasini bajaradi.
Zebo QUTLIYEVA,
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot kotibi