Ichimlik suv ta'minoti korxonasi tomonidan iste'molchi ogohlantirilmay, keyingi hisob-kitoblar bo'yicha uning xonadoniga 6 million 500 ming so'm qarzdorlik hisoblangan.
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Namangan viloyati hududiy tuzilmasiga shu haqda murojaat tushdi. Fuqaro murojaatini o'rganish jarayonida haqiqatdan ham yashash xonadonida suv tarmog'iga LXSD rusumli, davlat raqami 127662-sonli suv hisoblagich orqali ichimlik suv bilan ta'minlangani va 2020-yil iyun oyida suv hisoblagichni qiyoslov tekshiruvidan o'tkazilishi belgilangani aniqlangan.
Tegishli qarorga ko'ra, suvni hisobga olish asbobidan foydalanishning cheklangan muddati tugashidan kamida 30 kalendar kun avval ISKX tashkiloti iste'molchiga shartnomada ko'rsatilgan tartibda ogohlantirish xati jo'natishi kerak edi. Ammo fuqaro ogohlantirilmagan va murojaatdan so'ng 2022-yil iyun oyida hisoblash uskunasi qiyoslovdan o'tkazilganda esa soz holda ishlayotganligi ma'lum bo'lgan. Natijada iste'mol qilingan 228 metr kub ichimlik suv uchun qarzdorlik mavjud emasligi ma'lum bo'ldi. Shu tariqa, iste'molchining huquqi tiklandi va qilingan qayta hisob-kitoblar 6 500 000 so'mlik qarzdorlikning asossiz ekanligini ko'rsatdi.