Farg'ona viloyati Qo'shtepa tumanida yashovchi fuqaro B.Hakimov  2021-yil 1-mart kuni O'zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Murojaat yuzasidan mas'ul guruh tomonidan olib borilgan o'rganishlar davomida fuqaro 2021-yilning 16-yanvarida  “Hamkor” firmasiga qarashli avtosalon bilan “Neksiya 3” rursumli avtoulovni sotib olish maqsadida shartnoma imzolagani aniqlandi. Shartnomaning 3.1 shartiga ko'ra, iste'molchilarga 100 % pulini to'laganidan keyin 2021-yil 28-fevralga qadar belgilangan tartibda avtoulov etkazib berilishi lozimligi ko'rsatilgan. Fuqaro belgilangan (89 916 000 so'm) miqdordagi to'lovni 100 % amalga oshiradi, shunga qaramay, avtoulov o'z vaqtida fuqaroga avtosalon tomonidan etkazib berilmaydi. Bu holatdan norozi iste'molchi 2021-yil 1-mart kunida yuqoridagi holat yuzasidan amaliy yordam so'rab shikoyat qiladi.

O'rganish guruhi tomonidan shartnoma talablariga asosan, shartnoma muddati qo'shimcha bir oylik muddatga uzaytirilgan taqdirda bu haqida iste'molchi ogohlantirilishi lozim. Biroq mutasaddilar tomonidan iste'molchi ogohlantirilmagani sababli avtosalon rahbari o'z xodimlari yo'l qo'ygan xatolarini anglab etgan holda iste'molchiga tegishli bo'lgan “Neksiya 3” rusumidagi avtoulovni etkazib berdi. Shuningdek, kechiktirilgan 6 kunlik muddat uchun jami 539 496 (besh yuz o'ttiz to'qqiz ming  to'rt yuz to'qson olti) so'm miqdorida penya puli iste'molchi hisobiga undirib berildi.