Iste'molchiga “Sobalt” o'rniga “Lacetti” olib beriladigan bo'ldi

    Q.Qulboshevga “Sobalt” o'rniga “Lacetti” rusumidagi mexanik boshqaruvga ega avtomashina etkazib beriladigan bo'ldi.

    Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Naymansaroy qishlog'ida yashovchi fuqaro Karim Qulboshev O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaatida ta'kidlanishicha, u joriy yilning 5 fevralida “AS Qashqadaryo servis” MCHJ bilan “Sobalt” rusumli mexanik boshqaruvga ega avtomashina sotib olish uchun shartnoma rasmiylashtiradi va shartnoma shartlariga ko'ra 97 million 83 ming so'm to'lovni amalga oshiradi.

    Biroq “Sobalt” rusumidagi mexanik boshqaruvga ega avtomashina ishlab chiqarilishi to'xtatilgani sababli avtosalon ma'muriyati u bilan rasmiylashtirilgan shartnoma bekor qilinishini ma'lum qiladi. Bu xabar bankdan yillik 22 foizlik avtokredit olgan iste'molchini qiyin ahvolga solib qo'ygan.

    Federatsiya xodimlarining aralashuvi bilan Q.Qulboshevga “Sobalt” o'rniga “Lacetti” rusumidagi mexanik boshqaruvga ega avtomashina etkazib beriladigan bo'ldi.

    Shunga o'xshash murojaatlardan yana biri Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi fuqaro Q.Sanoqov tomonidan kelgan.

    Unda iste'molchi Andijon shahar “Xolis” savdo markazida joylashgan “Mobil` olami” do'konidan o'zi uchun 1 million 300 ming so'mga “Samsung Galaxy Note 7” rusumli mobil` telefoni xarid qilganini lekin bu telefon boshqa bir shaxsga tegishli bo'lib chiqqani, telefonning sobiq egasi esa unga telefonni qaytarishini talab qilayotganini aytib o'tgan.

    Mazkur murojaat o'rganilishi natijasida iste'molchiga xuddi shu qiymatdagi boshqa rusumli yangi telefon olib berilishiga erishildi.