Navoiy shahar Gʻalaba shoh koʻchasida yashovchi fuqaro G.Toʻraboyeva tomonidan berilgan arizaga koʻra “Markaziy buyum bozori”da joylashgan 46-sonli savdo doʻkonidan 1 million soʻmga sharbat siqqichni bir yil kafolati bilan xarid qilgan. Ammo yil toʻlmay sharbat siqqich nosoz holatga keladi. Murojaat yuzasidan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat birlashmasi xodimlari tomonidan surushtiruv ishlari olib borildi va fuqaro G.Toʻraboyevaga sharbat siqqich uchun toʻlangan bir million soʻm undirib berildi.
Yana bir murojaat ham Navoiy shahri Ibn Sino koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro A.Safarov tomonidan yoʻllangan. Unga koʻra “YaTT Nasimov Adiz Abdugʻaniyevichga” tegishli savdo doʻkonidan qiymati 2 million 400 ming soʻmlik “Samsung” rusumli televizor nosoz holda ekani va bu haqda doʻkon sotuvchiga maʼlum qilganini taʼkidlaydi. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida federatsiya xodimlari tekshirish ishlarini olib bordi va “Samsung” rusumli televizor “Artel” rusumli televizorga almashtirib berildi. Masala isteʼmolchi foydasiga hal boʻlganidan fuqaro A.Safarov minnatdorligini izhor qildi.
Navoiy shahar M.Torobiy koʻchasida yashovchi fuqaro X.Davronov murojaatiga binoan “Darxon” savdo doʻkonidan 1 million 300 ming soʻmga sotib olingan yaroqsiz “san-texnika” buyumlari yangisiga almashtirib berildi.
Navoiy shahar Umid qoʻrgʻoni Istiqlol yulduzi koʻchasida yashovchi fuqaro A.Zaynutdinova “Diyor hakim Navoiy ” MCHJ savdo doʻkonidan 3 million 870 ming soʻmga “Artel” rusumli konditsioner xarid qiladi. Afsuski, konditsioner yaroqsiz chiqadi. Mazkur holat yuzasidan federatsiya xodimlarining aralashuvi natijasida murojaatchiga 3 million 870 ming soʻm pul mablagʻi undirib berildi.
Hurmatli isteʼmolchilar! Agarda sizning isteʼmolchi sifatidagi huquqlaringiz buzilsa, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining qisqa 1091 ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qiling.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
matbuot xizmati