Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Qarshi «Aviaturizm» MCHJga qarashli aviakassadan Qarshi-Krasnoyarsk yoʻnalishi boʻyicha 1 dona aviachiptani 3 415 000 soʻmga xarid qilgan, biroq uchish uchun aeroportda registratsiya vaqtida aviabiletda texnik xatoga yoʻl qoʻyilgani sababli uchib ketolmagan.
Shundan soʻng isteʼmolchi aviakassa xodimiga bir necha marotaba aviachipta pulini qaytarib yoki almashtirib berishni soʻrab murojaat qilgan boʻlsada, hech qanday oʻzgarish boʻlmagan.
Mazkur murojaat oʻrganilishi natijasida chipta uchun toʻlangan 3 415 000 soʻm mablagʻ isteʼmolchiga qaytarildi.
Shunday murojaatlardan yana biri Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi M.Boʻriyevdan kelgan. Isteʼmolchi 2021-yil 14-aprel kuni Sariosiyo tumani markazida joylashgan «Furqat Omad-avia» MCHJga qarashli aviakassadan Termiz-Sankt Peterburg aviayoʻnalishi boʻyicha 2 150 000 soʻmga bir dona aviabilet sotib olgan. Lekin uchish vaqti pandemiya kuchaytirilgan paytga toʻgʻri kelgani sababli uchib ketolmagan. Aviachipta uchun toʻlagan pulini qaytarib olish uchun esa bir necha marotaba murojaat qilgan boʻlsada qaytarib ololmagan. Murojaat oʻrganilishi natijasida chipta uchun toʻlangan mablagʻ isteʼmolchiga qaytarilishiga erishildi.
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida yashovchi M.Nurmamatova ham Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga yozma murojaat qildi. Unda qayd etilishicha, isteʼmolchi Qarshi shahri markazida joylashgan “Farhod” savdo majmuasidan 790 000 soʻmga suv nasosini sotib olgan, biroq nasos sifatsiz chiqqan. Sotuvchiga bir necha marotaba vaziyatni tushuntirgan boʻlsada, hech qanday natijaga erishmagan. Murojaat oʻrganilishi natijasida suv nasosi sifatlisiga almashtirib berildi.
Qarshi shahri Gulobod koʻchasi, 40-uyda yashovchi Gʻ.Javharov tomonidan kelgan murojaatda yozilishicha, isteʼmolchi Qarshi shahri “Farhod” savdo majmuasida faoliyat olib borayotgan «Chudesa sveta» savdo doʻkonidan 422 000 soʻmga ARN apparatini sotib olgan. Lekin apparat nosoz chiqqan. Sotuvchiga bu borada koʻp marta murojaat qilgan boʻlsada, hech qanday oʻzgarish boʻlmagan.
Mazkur murojaat oʻrganilishi natijasida mahsulot uchun toʻlangan mablagʻ isteʼmolchiga qaytarilishiga erishildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.