Maʼlum boʻlishicha, u Qumbosti mahalla fuqarolar yigʻini hududida faoliyat olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli savdo doʻkonidan shu yilning iyun oyida 3 million soʻmga “Biryusa” rusumli muzlatkich sotib olgan. Biroq oradan ikki oy oʻtib muzlatkich ishlamay qolgan. Holat boʻyicha jamiyat hodimlari tomonidan oʻrganuv ishlari olib borilib, savdo doʻkoni sotuvchisiga Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni tegishli moddalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada yuzaga kelgan holatda isteʼmolchi haqligi isbotini topib, murojaati ijobiy hal etilishiga erishildi.
Uchkoʻprik tumanida yashovchi Sh. Joʻrayev federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, tabiiy gazdan hisoblangan asossiz qarzdorlik tufayli xonadoni tabiiy gaz tarmogʻidan uzib qoʻyilganini maʼlum qilgan. Mazkur murojaat tuman jamiyati va soha mutaxassislari tomonidan amaldagi qonunlar doirasida koʻrib chiqildi. Oʻrganish davomida Sh.Joʻrayevning shaxsiy abonent kartasi va unga tegishli boʻlgan barcha hujjatlar koʻrib chiqilib, gaz idorasi AKT operatorlari orqali qayta hisob-kitob qilindi. Oʻrganishda fuqaro foydalanuvidagi gaz hisoblagichni yangisiga almashtirish jarayonida texnik xato oqibatida 862 ming soʻm ortiqcha hisoblangani maʼlum boʻldi. Ushbu noreal qarzdorlikni bartaraf etish maqsadida “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminoti filiali Uchkoʻprik tumani boʻlimi mutaxassislari tomonidan zaruriy hujjatlar tayyorlanib, ortiqcha hisoblangan qarzdorlikni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi va isteʼmolchining xonadoni tabiiy gaz bilan taʼminlandi.
Navoiy shahri Gʻalaba shohkoʻchasi 145-uyda yashovchi G.Abdullayeva Navoiy shahrida joylashgan “Karvon” savdo doʻkonidan sotib olgan “Indezit” rusumli kir yuvish mashinasi buzilib qolgani sababli sotuvchi hamda texnik xizmat koʻrsatuvchilar tomonidan murojaatlari eʼtiborsiz qoldirilayotgani uchun isteʼmolchi sifatida huquqlarining himoya qilinishida amaliy yordam soʻrab federatsiyaga murojat qildi. Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi va kir yuvish mashinasida aniqlangan nosozlikni taʼmirlashning imkoni yoʻqligi sababli kir yuvish mashinasi uchun toʻlangan 3 million soʻm fuqaroga qaytarilishida amaliy yordam koʻrsatildi.
Joriy yilning 20-oktyabr kuni Navbahor tumani jamiyatiga Xatirchi tumani Boʻgʻirdoq maxallasida yashovchi O.Shamsiyevning 1091 raqamli ishonch telefoni orqali qilgan murojaati kelib tushgan edi. Unga koʻra, fuqaro Navbahor tumani Qiziltepa mahallasida joylashgan plastik rom ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorga 2-oktyabrda xonadoni uchun rom yasab berishi uchun buyurtma berib, oldindan 600 AQSH dollari miqdorida pul bergan. Ammo xususiy tadbirkor buyurtmani oʻz vaqtida yetkazib bermasdan ishni paysalga solib yurgan. Tuman jamiyati tomonidan vaziyat aniqlashtirildi. Joriy yilning 1-noyabr kuni mutaxassislar tadbirkor bilan tushuntirish ishlarini olib bordi. Natijada fuqaroning murojaati ijobiy qanoatlantirildi, xizmat koʻrsatuvchi tomonidan fuqaroning xonadoniga romlar sifatli oʻrnatib berildi.