Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zarbdor tuman boʻlimi tomonidan IIB hamda tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Maʼlum boʻladiki, fuqaro Z.P. fuqaro D.D.ga Jizzax shahar, “Toshloq” MFY hududidagi xonadonida isteʼmolchilar hayoti va sogʻligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 201 kg yirik shoxli mol goʻshtini 8,6 mln soʻmga sotishga kelishib, shundan 6 mln soʻmni olgan vaqtida ushlanadi.
Uning xonadoni koʻzdan kechirilganda, birlamchi veterinariya hujjatlariga ega boʻlmagan jami 73 dona qoramol tuyogʻi va 61,3 kg isteʼmolga yaroqsiz goʻsht mahsulotlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.