Taʼkidlanishicha, attraksionlarni davlat nazoratidan oʻtkazish uchun mutasaddi tashkilot va idoralarning 100 dan ortiq vakillardan iborat jami 16 ta ishchi guruh tuzildi.

Ishchi guruhlar tomonidan respublikadagi mavjud 143 ta madaniyat va istirohat bogʻlaridagi 1879 ta har xil turdagi attraksionlar (kichik attraksionlar ham) qayta oʻrganib chiqildi.

Ushbu attraksionlarning 450 ga yaqini istirohat bogʻlari tasarrufida boʻlsa, qolganlari xususiy tadbirkorlarga tegishli boʻlib shartnoma asosida foydalaniladi.

Oʻrganishlar natijalari boʻyicha 574 ta texnik nosoz deb topilgan attraksionlar faoliyati cheklanib, ishlatmaslik choralari koʻrildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, kamchilik aniqlangan attraksionlarni foydalanmaslik sharti hamda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar toʻxtatib qoʻyish boʻyicha mahalliy davlat organlariga axborotnomalar hamda madaniyat va istirohat bogʻlari rahbarlariga 116 ta taqdimnoma berildi.

Oʻrganishlar jarayonida har bir madaniyat va istirohat bogʻida yongʻin-qutqaruv, tez tibbiy yordam va boshqa maxsus texnikaning moneliksiz harakatlanishi uchun sharoit yaratish, favqulodda vaziyatlarda fuqarolarni evakuatsiya qilish yoʻllarini tashkil etish va ularning doimiy ochiq holda boʻlishini taʼminlash choralari koʻrildi.

Attraksionlar operatorlari va mexaniklar tomonidan oʻz vazifalarining yoʻriqnomalarda belgilangan tartibda amalga oshirishlari, fuqarolar tomonidan texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi qatʼiy nazoratga olindi.

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan “Attraksionlardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasini idoraviy normativ-huquqiy hujjat sifatida ishlab chiqilgan.

Mazkur loyiha “project.gov.uz” tizimi orqali vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun yuborilgan.

Hozirda “Attraksionlardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan taklif va eʼtirozlarni inobatga olgan holda Adliya vazirligiga kiritish uchun qayta koʻrib chiqilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining 2022-yil 16-martdagi qarori bilan “Attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish qoidalari” qabul qilindi.