Istirohat bog‘laridagi ahvol talabga javob beradimi?

    Yashil sayyora 7 Avgust 2021 1929

    Istirohat bog‘lari aholining dam olishi va xordiq chiqarishi uchun, ayniqsa issiq kunlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga istirohat bog‘lari shaharlarning yashil yuragidir.

    Istirohat bog‘larining bugungi ahvoli, daraxtlarning holati va sug‘orish tizimlari, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, to‘planib qolayotgan chiqindilar muammosini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahardagi istirohat bog‘larida tezkor ekologik reydlar o‘tkazildi.

    O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, yurtimiz shaharlaridagi istirohat bog‘lari yozning issiq kunlarida aholi vakillari bilan gavjum. Bog‘lardagi attraksionlar bolajonlar ixtiyorida.

    Toshkentdagi Anhor-Lokomativ bog‘i

    Biroq barcha istirohat bog‘laridagi bugungi ahvolni qoniqarli deb bo‘ladimi? Ushbu savolga javobni bugun 6 avgust kuni o‘tkazilgan ekologik reydlar davomida aniqlashga harakat qildik.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan joriy yilning 25-iyun kuni poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i holati o‘rganilgandi.

    Mazkur bog‘ning qarovsiz ahvoldaligi bu yerdagi aksariyat manzarali daraxt va o‘simliklar o‘z vaqtida sug‘orilmagani oqibatida qurib qolgani, bu jarayon boshqa daraxt turlarida endi boshlanayotgani, yanada achinarlisi yaqin yillar davomida o‘z ko‘rki va chiroyi bilan insonlarni o‘ziga jalb qilgan mazkur bog‘ bugunga kelib, yong‘in kelib chiqishi mumkin bo‘lgan chiqindixonaga aylangani haqida ma'lumot bergan edik.

    Xo‘sh, o‘tgan vaqt mobaynida bu yerda nimalar o‘zgardi? Afsuski, hyech qanday ijobiy o‘zgarish bo‘lmaganining guvohi bo‘ldik.

    Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i

    Yaqinyillargacha Abdulla Qodiriy bog‘i poytaxtning so‘lim maskanlaridan biri edi. Bugunga kelib esa bog‘ qarovsizlik oqibatida qay ahvolga tushdi. Bu yerdagi savdo va xizmat ko‘rsatish ob'ektlarining ahvoli ham nihoyatda achinarli. Bog‘ hududida chiqindi uyumlarining to‘planib yotgani, daraxtlarning sug‘orilmagani oqibatida qurib borayotganini ko‘rish mumkin. Yozning jaziramasida qovjiragan o‘t-o‘lanlar, qurigan daraxt va butalarning yong‘in keltirib chiqarmasligiga esa hyech kim kafolat bermaydi?

    Nahotki poytaxt markazidagi Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining ahvoli mutasaddilarni qiziqtirmasa?

    Bunday achinarli holatni poytaxtimizning Mirobod tumanidagi «Bolajon» istirohat bog‘ida ham ko‘rishingiz mumkin. Bu yerdagi ko‘p yillik daraxtlar suvsizlikdan aziyat chekmoqda, daraxtlar berin-tekin qurib bormoqda.

    Toshkentdagi «Bolajon» istirohat bog‘i

    Mas’ullar bo‘lsa negadir sukutda..

    Bunday holatni nafaqat mamlakat poytaxtida shu bilan birga boshqa hududlarda ham uchratish mumkin. Misol uchun, Navoiy shahridagi Tolstoy ko‘chasi atrofi ham havas qilgudek ahvolda emas. Bu yerdagi chiqindilar qachon va kim tomonidan bartaraf etilishi haqida aniq ma’lumot mavjud emas.

    Navoiyshahridagi Tolstoy ko‘chasi

    Termizdagi istirohat bog‘i ham bu yerga kelib-ketuvchilarning madaniy hordiq chiqarishiga emas, ta'bini xira qilishiga sabab bo‘lishi aniq. Bog‘ hududida to‘planib qolgan chiqindi bilan hyech kimning ishi yo‘q.

    Termizdagi markaziy istirohat bog‘i

    Denov tumanidagi markaziy istirohat bog‘i viloyatdagi eng ko‘rkam bog‘lardan biri sanaladi. Biroq bu istirohat bog‘idagi bugungi holat kishi ta'bini xira qilishi tayin. Qurib qolgan daraxtlarga hyech qanday ishlov berilgani yo‘q, kuchli shamol bo‘lgan taqdirda daraxtlarning shoxlari sinib ketishi va bu yerda dam oluvchilarga shikast yetkazishi mumkin.

    Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida daraxtlar suvsizlikdan azob chekmoqda. Agar tegishli choralar ko‘rilmasa, daraxtlar asta-sekin qurib qolishi mumkin.

    Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i.

    Ko‘rib turganingizdek, hududlarimizdagi istirohat bog‘laridagi holatni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Daraxtlarni saqlash, ularga ishlov berish va sug‘orish ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Istirohat bog‘lari hududlarida chiqindilar to‘planib qolgan, chiqindi urnalari yetishmaydi. Aholi dam olish maskanlari holatini doimiy nazorat qilish, daraxtlarni o‘z vaqtida sug‘orishni tizimli yo‘lga qo‘yish, bu borada tomchilatib sug‘orishni joriy qilish va boshqa kerakli tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

    Zero, bog‘larimiz salomatligimiz garovidir!

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘rganishlarni davom ettiradi.