IT Park Uzbekistan Yaponiyada vakolatxonasini ochdi

    Yangi ofis yapon biznesi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatish nuqtasiga aylanadi va autsorsing, investitsiyalar hamda IT-taʼlim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadi.

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish direktori Mahliyo Muksinova boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Yaponiyaga ish tashrifi bilan bordi.

    Tashrifdan koʻzlangan maqsad IT-autsorsing, texnologiyalar va raqamli taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Tokioda IT Parkʼning rasmiy vakolatxonasini ochishdan iborat.

    Tashrifning eng muhim qismi 13-may kuni Tokioning Akixabara shahrida — texnologik va ijodiy sanoat markazida IT Park Uzbekistanʼning Yaponiyadagi vakolatxonasi rasmiy ochilishi boʻldi.

    Marosimda Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsin Abdurahmonov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Xizmatlar eksportini rivojlantirish direktori Mahliyo Muksinova va “Digital Knowledge” direktorlar kengashi raisi Xiroaki Xaga ishtirok etdi. Qayd etilishicha, yangi ofis yapon biznesi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatish nuqtasiga aylanadi va autsorsing, investitsiyalar hamda IT-taʼlim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadi.

    Tadbir doirasida IT Park va “Digital Knowledge” oʻrtasida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish, yapon kompaniyalarini Oʻzbekiston bozoriga jalb qilish va taʼlim dasturlarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Maʼlumot uchun, “Digital Knowledge” 2007-yilda tashkil etilgan. Tashkilot faoliyatining asosiy yoʻnalishlari IT-xizmatlar, IT-taʼlim va kompaniyalarni IT-mutaxassislar bilan taʼminlashdan iborat. “Digital Knowledge” Oʻzbekistondagi “Japan Digital University” asoschisi boʻlib, hozirda u yerda 620 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular nafaqat IT-yoʻnalishlarini oʻzlashtirmoqda, balki shu bilan birga yapon tilini ham oʻrganyapti.

    Marosimning yakunida, Oʻzbekiston va Yaponiya IT-kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Yaponiyalik ishtirokchilarning yuqori qiziqishi Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda texnologik rivojlanishning yangi markazi sifatidagi strategik ahamiyatini tasdiqladi.