IT va Media sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida Prezident ta'lim muassasalari agentligi, “Zamin” Xalqaro jamoat fondi va “Digital Generation Uzbekistan” NNT bilan hamkorlikda "Raqamli avlod 2022. IT oromgohi" doirasida mahorat mahorat darslari bo'lib o'tdi.

    Onlayn va oflayn formatda tashkil etilgan darslarda Respublikamizdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, 102, 104, 106-sonli zaif eshituvchi bolalar maktab-internatlari, shuningdek, Agentlik tizimidagi maktab o'quvchilari hamda IT va Media sohasiga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi.

    Dasturlash asoslari (Python), Frontend (Javascript, react), Backend (Django), NET, Grafik dizayn (Adobe Photoshop, Sketchbook) kabi yo'nalishlarda o'tkazilgan onlayn darslari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bir vaqtning o'zida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida Mehribonlik uyi va zaif eshituvchi bolalar maktab-internatlari o'quvchilari uchun Grafik dizayn, Robototexnika va Media yo'nalishlari bo'yicha jonli mahorat darslari ham olib borildi. Robototexnika darslarida ishtirokchilar o'zlari yasagan “smart car”larda o'zaro bellashdilar.

    “Digital Generation Uzbekistan”ning YouTubedagi rasmiy sahifasi orqali tajribali dasturchilar tomonidan mahorat darslari va kun sarhisobiga bag'ishlangan jonli efir yorqin taassurotlarga boy bo'ldi.

    Tadbir doirasida shuningdek, Al-Xorazmiy maktabida Toshkent shahridagi INHA va Amiti Universitetlari rektorlarining oromgoh ishtirokchilari bilan davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda yoshlar mavzu borasida o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

    Tadbir so'ngida oromgohda faol ishtirok etgan yoshlar munosib taqdirlandi.

    Ma'lumot o'rnida: onlayn darslarda ishtirok etish uchun Respublika bo'yicha 3000 dan ziyod yoshlar ro'yxatdan o'tgan.