Press-turda turizmni yoritishda ixtisoslashgan Centro Studi Eurasia e Mediterraneo, Voyager magazine, Trendsettimanale.it, Eurasianews.it nashrlari, shuningdek, Italiyadagi turizm yoʻnalishi OAVlari guruhi vakillari hamda blogerlar ishtirok etyapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan mamlakatimizning Rim shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan press-turdan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizning tarixiy shaharlarida joylashgan boy madaniy merosimizni hamda mamlakatimizning turistik imkoniyatlarini Italiya media maydonida keng targʻib etgan holda yevropaliklar eʼtiborini jalb etishdan iborat.
Shu oʻrinda yuqoridagi OAVning nafaqat Italiyada, balki butun Yevropa boʻylab ommabopligi va keng qamrovli auditoriyaga ega ekanligi mamlakatimizga italiyalik va Gʻarbiy yevropalik sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Maʼlumot uchun, yurtimizga tashrif buyurgan Italiya OAVning umumiy auditoriyasi 8 million nafardan oshadi. Shuningdek, yurtimizga kelgan jurnalist va blogerlarni ijtimoiy tarmoqlarda ham millionlab obunachilar kuzatib boradi.
Taʼkidlash kerakki, press-tur davomida Italiya OAV vakillari Toshkent shahri, Samarqand hamda Buxoro viloyatlariga tashrif buyuradi. Tashrif davomida yurtimiz turizm salohiyatini turli yoʻnalishdagi, bir-birini mavzu jihatidan takrorlamas maqolalar va media kontentlar orqali targʻib etadi.
OAV vakillari tomonidan bugungi Oʻzbekiston hududida rivojlangan tarix, madaniyat va turli tamaddunlarga xos, qadimiy madaniy meros durdonalari bilan yaqindan tanishtirilyapti. Shuningdek, yurtimizda soʻnggi yillarda barcha sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida Italiya auditoriyasi uchun sifatli kontent tayyorlanadi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.