Suhbatda Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda Italiya kompaniyalari uchun yaratilgan imkoniyatlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etilgan.

Nashrda Toshkentda joriy yil 8-dekabr kuni boʻlib oʻtgan “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi hamda unda iqtisodiy va mintaqalararo hamkorlik masalalari muhokama qilinganiga alohida urgʻu berilgan.

Taʼkidlanganidek, Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik imkoniyatlari juda keng. “Savdo aloqalari tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda, lekin hali ham juda cheklangan darajada, - deydi suhbatdosh. - Oʻzbekistonda ishlab chiqarish bazasining tuzilishi va mavjud xom-ashyo, bir tomondan, Italiya nou-xaulari, ikkinchi tomondan, deyarli barcha tarmoqlarga savdo-sotiq va investitsiyalarni kengaytirish imkonini beradi”.

Qayd etilganidek, ikki mamlakat iqtisodiyoti tuzilishi va resurslari boʻyicha bir-birini toʻldiradi. Materialda bunday imkoniyatlar fonida Oʻzbekiston bilan Italiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik mamlakatlarimizning real salohiyatiga mos kelmasligi aytib oʻtilgan.

“Italiya kompaniyalari uchun Oʻzbekiston iqtisodiyotining energetika, neft-gaz sanoati, konchilik, metallurgiya, kimyo sanoati, farmatsevtika, ishlab chiqarish, metallga ishlov berish, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik va tayyor kiyim-kechak, zargarlik va nihoyat sayyohlik kabi tarmoqlarini modernizatsiya qilishda hamkorlik qilish istiqbollari mavjud”, - deyiladi maqolada.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo va Afgʻoniston bozorlariga kirish imkonini ham beradi.

Suhbatdoshga koʻra, hali ishga solinmagan koʻplab investitsiya imkoniyatlari va yuqori qiymat zanjirlari mavjud. Xususan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashqi va ichki bozor uchun qayta ishlash, saqlash va tashish tizimi toʻliq rivojlanmagan. Soha salohiyatini rivojlantirish uchun yangi istiqbolli modellar ishlab chiqilmoqda.

“Italiya Oʻzbekiston tovar va xizmatlar bozoriga faol kirish imkoniyatiga ega. Italiyalik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar Oʻzbekiston bozorida oʻz tovar va xizmatlarini ilgari surishning yangi imkoniyatlarini kashf qilishi mumkin. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishiyu Kengaytrilgan sheriklik va hamkorlik bitimining imzolanishi italiyalik isteʼmolchilar uchun oʻzbek toʻqimachilik, meva-sabzavot mahsulotlari, boshqa yuqori sifatli tovarlarini xarid qilish istiqbollarini ochadi”, - deya qayd etiladi suhbatda.