Ma’lumki, ikki tomonlama hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda faol rivojlanmoqda.
Xususan, Navoiy viloyatida Italiya kompaniyalari bilan mashinasozlik va elektrotexnika sohalarida sarmoyaviy hamkorlik eng jadal rivojlanmoqda.
Navoiy viloyati O‘zbekiston Respublikasining markaziy qismida joylashgan. Viloyat Respublikaning eng yirik sanoat markazi hisoblanadi va mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi.
Navoiy viloyati mineral xom ashyolarning katta zaxiralariga, rivojlangan logistika tarmog‘i va sanoat infratuzilmasiga, erkin iqtisodiy zonaga, shuningdek sanoat va boshqa sohalarda yuqori malakali kadrlarga ega.
Mintaqada qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlangan, paxta tolasi ishlab chiqarishga, g‘allachilik, sabzavotchilik, polizchilik, uzumchilik, chorvachilik (ayniqsa, qorako‘lchilik) yo‘naltirilgan.
Bugun butun respublika singari Navoiy viloyatida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, italiyalik sarmoyadorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ham boshlab yuborilgan.
Shuningdek, o‘tgan yili Navoiy viloyati korxonalari 37,2 ming dollar miqdorida quritilgan mevalarni eksport qildi. Joriy yilda 500,0 ming dollar miqdorida mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Ushbu tashrif Navoiy viloyati va Italiya o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.