Italiyada COVID-19 tufayli favqulodda holat 2021-yil 31-yanvargacha choʻzildi

    Dolzarb 8 Oktabr 2020 494

    Italiya Hukumati koronavirusga qarshi kurash uchun yil boshida oʻrnatilgan favqulodda vaziyat rejimini 2021-yil 31-yanvargacha choʻzishga qaror qildi. Avgust oyi oxiridan Italiyada COVID-19 bilan kasallanish yana avj oldi.

    Favqulodda vaziyat rejimida Italiya Hukumati pandemiyaga qarshi kurashga qaratilgan asosiy qarorlarni parlament tasdigʻisiz qabul qilish huquqiga ega boʻladi. Favqulodda vaziyat rejimida shuningdek, butun mamlakat hududida niqobsiz yurmaslik haqida band ham kiritilgan.

    Pandemiya boshlangandan beri Italiyada 330 ming nafardan ziyod odam kasallangan, 36 ming kishi vafo etgan. Soʻngi kunlarda 2,6 ming yangi kasallanish holati kuzatilgan. Bir kun avval esa — 2,2 mingta holat.

    Koronavirusni yuqtirishning yangi bosqichini koʻpgina mamlakatlar hukumatlari qayd etyapti. Oʻtgan haftada Isroil dunyoda birinchi boʻlib takroriy karantin joriy etdi. 30-sentyabrda Chexiya va Slovakiya ham Favqulodda vaziyat rejimiga oʻtdi. Ispaniyaning baʼzi oblastlarida allaqachon ikki haftalik karantin tasdiqlangan. Rossiyada esa Moskva chegaralash choralarini qisman takroran joriy etdi. Dunyo boʻyicha COVID-19 bilan kasallanganlarning umumiy soni 35 million kishiga yetdi, oʻlimlar soni esa 1 milliondan oshdi, deb xabar beradi Kommersant.