Italiyada halokatga uchragan yaxta qurbonlari shaxsiga aniqlik kiritildi

    Italiya qirg'oq qo'riqlash xizmati mutaxassislari Italiya qirg'oqlarida cho'kib ketgan yaxtadan besh nafar yo'lovchining jasadini aniqladi.

    Bu haqda Sky News telekanali xabar berdi.

    Unga ko'ra, ekspertlar elkanli kemaning cho'kishi oqibatida quyidagi shaxslar halok bo'lganini tasdiqladi: dunyodagi eng yirik investitsiya banklaridan biri Morgan Stanley International direktorlar kengashi raisi Jonatan Blumer, uning rafiqasi Judi, buyuk britaniyalik millioner Maykl Linch, Buyuk Britaniyaning Clifford Chance firmasi advokati Kris Morvillo va uning rafiqasi Neda.

    Linchning 18 yoshli qizi Xanna hamon bedarak yo'qolgan deb hisoblanmoqda. The Daily Telegraph gazetasining yozishicha, uning jasadi 49 metr chuqurlikda cho'kib ketgan yaxta ichidan topilgan, biroq bu ma'lumot noto'g'ri bo'lib chiqdi.

    Avvalroq, Kanada hamda Antigua va Barbuda davlatlarining fuqaroligiga ega bo'lgan yaxta oshpazi Rekaldo Tomasning o'limi tasdiqlangandi. Halokat qurbonlari soni olti nafarga yetdi. 15 kishi qutqarildi, deb xabar beradi tass.ru.