Italiyada oʻzbek kinosi kunlari boʻlib oʻtadi

    Madaniyat 22 Yanvar 2021 1753

    Bugun “Oʻzbekkino” Milliy agentligida Italiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostina Pinna bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov Agostina Pinna bilan Italiya va oʻzbek filmlari boʻyicha bir qator loyihalarni muhokama qildi.

    Kelishuvga koʻra tomonlar oʻzbek va italiyalik kinoijodkorlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ko-produksiyalar yaratish, shu bilan birga, Italiyada “Oʻzbek kinosi kunlari” hamda joriy yil mamlakatimizda “Italiya kinosi kunlari”ni yuqori saviyada oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

    Bundan tashqari, joriy yil Italiyada “Oʻzbek madaniy merosi Italiya toʻplamlarida” kitobining taqdimotini oʻtkazish hamda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati tomonidan yevropalik olimlar ishtirokida xalqaro kongress tashkil etish kabi masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi “Oʻzbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati.