Italiyaning “Cotonella” kompaniyasi oʻz mahsulotlarini mahalliylashtirish uchun Oʻzbekistonni tanladi

    Biznes 3 Iyul 2023 1219

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Italiyaning “Cotonella” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumot uchun: 1972-yilda tashkil etilgan “Cotonella” kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ayollar, erkaklar va bolalar trikotaj ichki kiyimlarining yetakchi brendlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya yiliga 20 milliondan donadan ortiq mahsulot ishlab chiqaradi, ular Yevropaning 24 davlatida sotiladi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda biznes yuritishning ustunliklari, mamlakatimizda yaratilgan investitsiyaviy muhitning amaliy jihatlarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Italiya tomoni Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatida mahsulotlar sifat darajasini yuksaltirish va ularni Yevropa bozorlariga eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini bergan soʻnggi yillardagi yutuqlarni alohida taʼkidladi. Shu sababli kompaniya rahbariyati respublikaning Qashqadaryo viloyatida “Cotonella Uzbekistan” xorijiy korxonasini ochishga qaror qildi.

    Uchrashuvda Italiya tomoni Oʻzbekiston bozorida uzoq vaqt davomida faoliyat yuritish boʻyicha rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Jumladan, korxona ishga tushirilgandan keyingi birinchi bosqichda yiliga 2 million donagacha tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, 80 nafargacha kishini doimiy ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kompaniya ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini yiliga 8 million donaga yetkazish uchun 5 million dollar yoʻnaltirishni moʻljallayapti. Shu tariqa, 500 tagacha yangi doimiy ish oʻrni ham yaratiladi.

    Kompaniya konsepsiyasi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga uning barqaror rivojlanishini, narxlar raqobatbardoshligini, shuningdek, doimiy ravishda mahsulotlar dizayni takomillashib borishini va turlari koʻpayishini, kompaniya xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

    Uchrashuv yakunida “Cotonella”ning mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.