Italiyaning Insubriya universiteti vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Ta'lim 27 Iyul 2022 1489

    Joriy yil 26-iyulda Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga Italiyaning Insubriya universiteti vakillari tashrif buyurdi. Insubriya universiteti professorlari janob Mauro Fasano, Pozzo Barbara xonim, Gazzola Patritsiya xonim va janob Fanette Stefanoni Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev qabul qildi.

    Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev nufuzli universitet vakillariga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mamlakatimizda taʼlim sifati va samaradoriligi oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyani taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

    “Soʻnggi yillarda yurtimizdagi davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni bir necha barobarga oshdi. Oʻz navbatida ular oʻrtasida raqobat muhiti ham shakllanmoqda. Oldimizda turgan navbatdagi dolzarb vazifa oliy taʼlim sohasida sifatni yaxshilash, ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy qilish, akademik mobillikni oshirish hisoblanadi.

    Bugungi uchrashuvda muhokama qilayotgan masalalarimiz ham ikki tomonlama manfaatli boʻlib, yurtimizdagi yosh ilmiy tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi degan umiddamiz”, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

    Oʻz navbatida Insubriya universiteti vakillari qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, hamkorlik qilish rejalashtirilayotgan yoʻnalishlar haqida batafsil maʼlumot berishdi. Xususan, universitetlar bilan talabalar almashinuvi yoʻlga qoʻyish, oʻzbekistonliklar uchun grant hisobidan Italiyada doktoranturada oʻqish va tadqiqot olib borish mumkinligi taʼkidlandi. Ayniqsa turizm va ipakchilik yoʻnalishi oʻzaro tajriba almashish yaxshi samara berishi, ushbu sohalarda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi boʻyicha Italiya katta tajribaga ega ekanligi aytib oʻtildi.

    Yakunda Insubriya universiteti bilan hamkorlik ishlariga manfaatdor oliy taʼlim muassasalarini ham jalb qilish va kelgusidagi aloqalar boʻyicha aniq takliflar tayyorlashga kelishib olindi.

    Maʼlumot uchun, Insubriya universiteti 1998-yilda faoliyat boshlagan Italiyadagi davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Italiyaning Varese shahrida universitet Xalqaro tan olingan THE — Times Higher Education reytingida TOP-500talikdan oʻrin olgan.

    Universitetda biotexnologiya va hayot fanlari; qonun, iqtisodiyot va madaniyat; iqtisodiyot; tibbiyot va jarrohlik; ilm-fan va yuqori texnologiyalar; nazariy va amaliy fanlar hamda gumanitar fanlar va innovatsiyalar kabi fakultetlar mavjud, deb xabar beradi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.