Italiyaning Prato shahrida Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlari savdo uyi ochildi

    Biznes 18 Sentabr 2024 410

    Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Prato shahridagi “T.I.S. – Textile Innovation Sustainability Italy” kompaniyasi direktori va hamtaʼsischisi Janfranko Trupiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat davomida joriy yil may oyida imzolangan “T.I.S.” kompaniyasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat sanoat palatasi va Milandagi Italiya-Oʻzbekiston savdo palatasi oʻrtasidagi hamkorlik memorandumi asosida tashkil etilgan toʻqimachilik mahsulotlari Savdo uyi faoliyati xususida fikr almashildi.

    “T.I.S.” kompaniyasi rahbarining aytishicha, Savdo uyi 200 dan ortiq doimiy mijozlarga ega, ularning asosiy qismini tikuvchilik fabrikalari tashkil etiladi.

    Savdo uyi Italiyaning aynan Prato sanoat hududida ochilishi bejiz emas. Bu yerda paxta va jun toʻqimachiligi XX asr boshida rivojlana boshlagan. Bugungi kunga kelib Pratoda 7 mingdan ortiq yengil sanoat korxonalari faoliyat yuritib keladi va ulardan 2 mingtasi bevosita toʻqimachilik faoliyati bilan shugʻullanadi. Prato dunyo bozorlariga kalava ip, tabiiy tola va jundan mato, sintetik mato, kiyim-kechak, uy tekstili kabi mahsulotlarni yetkazib beradi. Yillik eksport hajmi qariyb 2 milliard yevroga teng.

    Muloqot yakunida “T.I.S.” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Savdo uyi bilan doimiy ravishda tijoriy takliflar va buyurtmalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekistondan toʻqimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirishga kelishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.