баннер
17 Apr 2025
04:52

    “ITB Berlin” xalqaro koʻrgazmasida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti oʻtkazildi

    2025-yil 4-6-mart kunlari Oʻzbekiston mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari, turoperatorlar, onlayn platformalar, aviakompaniyalar va boshqa turizm sohasi mutaxassislari dunyodagi eng yirik sayyohlik koʻrgazmasi – “ITB Berlin” (Internationale Tourismus-Börse Berlin) ishida ishtirok etdi.

    Berlindagi “Messe Berlin” koʻrgazma majmuasida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston milliy stendida 25 dan ortiq mahalliy sayyohlik tashkilotlari oʻzlarining sayyohlik xizmatlari va mahsulotlarini namoyish etdi.

    Bundan tashqari, koʻrgazma doirasida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini xorijda targʻib etish va sayyohlar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan qator mamlakatlar turizm idoralari rahbarlari bilan 200 dan ortiq “B2B” va “B2G” uchrashuvlari oʻtkazildi.

    Muzokaralarda mamlakatlar oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, yangi sayyohlik toʻplamlarini joriy etish va transchegaraviy yoʻnalishlarni yaratish, barqaror turizm hamda ekoturizm, sarguzasht turizm yoʻnalishlari mavzulariga alohida eʼtibor qaratildi. Yevropa qitʼasidan, xususan Germaniyadan sayyohlarni jalb etish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.

    Shuningdek, 10 dan ortiq xorijiy OAV va media platformalar vakillari bilan ham uchrashuvlar tashkil etildi. Xorijiy tomonga Oʻzbekistonning turizm salohiyati, qadimiy shaharlar, meʼmoriy obidalar, asosiy sayyohlik yoʻnalishlari hamda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    ITB Berlin 1966-yildan buyon oʻtkazilib kelinadigan dunyodagi eng yirik sayyohlik yarmarkasi hisoblanadi. Yarmarkada mehmonxonalar, sayyohlik kengashlari, turoperatorlar, tizim provayderlari, aviakompaniyalar va avtoulovlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar ishtirok etadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech