Tadbir davomida ITFCning mintaqa mamlakatlaridagi faoliyati va muvaffaqiyatli loyihalari, Islom savdosi moliyasini kengaytirish istiqbollari, moliya sektorini rivojlantirish va mintaqaviy savdoni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda ITB Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir, ITB Boshqaruvchilar Kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) ijrochi direktori Xani Salem Sonbol, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Markaziy banki, MDH hududidagi tijorat hamkor banklar rahbariyati va boshqa mansabdor shaxslar ishtirok etdi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqan ITB raisi COVID-19 pandemiyasining oqibatlarini strategik tayyorgarlik va javob rejasi (SPRP) hamda “Respond, Restore and Restart” yondashuvi asosida bartaraf etishda tashkilotga aʼzo mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashda ITB guruhining asosiy rolini taʼkidladi. “Hamkorligimizning toʻrt oʻn yilligi mobaynida viloyat miqyosida bir qancha iqtisodiy va ijtimoiy tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlashda ITB Guruhi muhim rol oʻynadi. ITB guruhi tomonidan MDH davlatlariga taʼlim, sogʻliqni saqlash, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi sohasidagi asosiy tarmoq va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun taqdim etilgan umumiy mablagʻ miqdori 6,4 milliard dollarni tashkil etadi. Savdo sohasida mintaqada yetakchi oʻrinni Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) egallaydi, uni moliyalashtirish hajmi 1,2 milliard dollardan oshadi. Mablagʻlar xususiy sektor, kichik va oʻrta korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligining eng muhim tarmoqlarini qoʻllab — quvvatlashga qaratilgan”, — dedi u oʻz nutqi davomida.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov, oʻz navbatida, “ITFC bilan hamkorlik mavjud toʻsiqlarni bartaraf etishga hissa qoʻshishi mumkin. Ishonchimiz komilki, yaqin hamkorligimiz eksportchilarimizga xalqaro savdoni osonlashtiradigan yangi moliyaviy vositalardan qulay foydalanish, Islom taraqqiyot banki Guruhi va MDHga aʼzo mamlakatlar bilan savdo qilishimizni kengaytirish imkonini beradi.

ITFC Ijrochi direktori MDHga aʼzo mamlakatlarga koʻmak koʻrsatishda ITFCning muhim rolini ham taʼkidlab oʻtdi. Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar va hamkorlarimiz bilan birgalikda ITFC mintaqa davlatlari iqtisodiyotlarining barqaror oʻsishini taʼminlash va raqobatbardoshligini oshirish borasida oʻziga xos muammo va toʻsiqlarni aniqladi. Eng koʻp uchraydigan masalalardan biri – kichik va oʻrta korxonalarni moliyalashtirishga kirish va savdo salohiyatini rivojlantirish muammosidir. Mintaqaning barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun ushbu ikki sohada ish olib borishni davom ettirish niyatidamiz.

Tadbir davomida xususiy sektorni, asosan, kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, asbob-uskunalar va xom-ashyo sotib olish uchun taqdim etilgan ITFC savdo yechimlari namoyish etildi. ITFC shuningdek, yaqin kelajakda ishga tushadigan “MDHda savdoni rivojlantirish dasturi” kabi savdoni rivojlantirish boʻyicha yangi tashabbuslari haqida gapirdi.

Sessiya yakunlari boʻyicha ITFC va “Trastbank” oʻrtasida 15 million dollarlik moliyalashtirishni taʼminlash boʻyicha shartnoma, shuningdek, Oʻzbekiston va “Turonbank” oʻrtasida xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) boʻyicha hisobot berishni joriy etishga doir texnik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida bitim imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Xulosa oʻrnida Xani Salem Sonbol “ITFC pandemiya oqibatlarini bartaraf etishda yordamini davom ettirib, aʼzo mamlakatlar uchun savdo yechimlarining yetakchi yetkazib beruvchisiga aylanishni rejalashtirmoqda. ITFC tomonidan 1,1 milliard dollar miqdorida savdoni moliyalashtirishni taqdim etgan COVID-19 pandemiyasiga javob berish Strategiyasi MDH mintaqasida iqtisodiy oʻsishni tiklash istagimizni aniq koʻrsatmoqda.

Maʼlumot uchun: Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi aʼzosidir. Korporatsiyaning asosiy maqsadi IHT (Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti)ga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi savdoni rivojlantirish boʻlib, u pirovard natijada dunyo aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan umumiy maqsadga erishishga xizmat qiladi. Tashkilot oʻz faoliyatini 2008-yilning yanvar oyida boshlagan va IHTga aʼzo davlatlarga 55 milliard dollaridan ortiq savdo yechimlarini yetkazib, yetakchi provayderga aylangan. Korporatsiya unga aʼzo davlatlarga savdo moliyasi xizmatlaridan foydalanish samaradorligini oshirishda koʻmaklashadi va ularni jahon bozorida muvaffaqiyatli raqobatlashishga imkon beruvchi savdo salohiyatini yuksaltirish vositalari bilan taʼminlaydi.

ITFC 2019-yilda Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini boshlaganidan buyon, Doiraviy bitimga koʻra, 13 operatsiyalar uchun 210 million dollar miqdorida moliyalashtirishni maʼqullagan hamda davlat va xususiy sektorning 150 mutaxassislari ishtirok etgan savdo salohiyatini oshirishga doir bir necha tadbirlar oʻtkazdi.