Tadbir davomida ishtirokchilar koʻp tomonlama hamkorlikni davom ettirish shakllarini muhokama qilib, idoraning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari oldidagi ochiqligini yana-da oshirish muhimligini taʼkidladilar. Vazirlik rahbariyati ommaviy axborot vositalarining davlat, biznes va aholi oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutishini qayd etdi, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar va eksportchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatish va ularga koʻrsatilayotgan yordam samaradorligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “FURSAT” davlat media-loyihasi taqdim etildi. Loyihani investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov, Yoshlar ishlari Agentligi direktori A.Saʼdullayev hamda ITSV tomonidan loyiha koordinatorlari taqdim etdilar.
A.Voitov oʻz nutqida loyihaning asosiy maqsadi yigit — qizlarni oʻz biznes gʻoyalarini amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlashdan iborat ekanligini taʼkidladi.
“FURSAT” loyihasining missiyasi – yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va ular bandligini oshirishga qaratilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari (YOSTZ)ni yaratish va faoliyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surish ekanligi taʼkidlandi.
Tashabbus shuningdek, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish va sanoatning turli sohalariga innovatsiyalar kiritishni ragʻbatlantirishga moʻljallangan.
Prezident Qaroriga koʻra, mamlakat boʻylab 219 ta YOSTZ tashkil etiladi, ulardan 185 tasi hozirgi kunda faoliyat koʻrsatmoqda va hududlarida dastlabki loyihalar amalga oshirilishi boshlangan. Barcha YOSTZlar zarur infratuzilma bilan taʼminlanadi va ularda yosh tadbirkorlarning innovatsion gʻoyalari asosida oʻz loyihalarini amalga oshirishlari hamda ishlab chiqarish obyektlarini qoʻrishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilgani hamda yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun 100 million dollar ajratilgani qayd etildi.
“FURSAT” loyihasining ishtirokchisi kim boʻlishi mumkin?
Oʻz biznes gʻoyalari bor, ammo uni boshlash uchun tajriba va boshlangʻich kapitalga ega boʻlmagan 18 – 30 yoshli yigit-qizlar loyiha ishtirokchilari boʻlishlari mumkin.
Qanday qilib “FURSAT” loyihasining aʼzosi boʻlish mumkin?
Agar sizda biznes-gʻoya yoki tayyor biznes-rejasi bor boʻlsa, www.fursatloyiha.uz veb-sayti (http://www.fursatloyiha.uz/) yoki @fursatloyiha_bot telegram – bot orqali ariza bering. Arizangiz oʻrganilib, tasdiqlanganidan soʻng 7 yil muddatga 100 ming dollargacha imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega boʻlasiz. Bundan tashqari, sizga yaqin boʻlgan YOSTZ hududida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun 1000 kvadrat metrgacha yer ajratilishi mumkin.
Agar sizda biznes-reja boʻlmasa, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi “Loyihalar fabrikasi” biznes-inkubatorlarining tajribali mutaxassislari uni ishlab chiqishda sizga zarur yordam beradilar.
Maʼlumot uchun telefon raqami: 71 238 52 21.
Loyihaning brendi haqida
Logotip “FURSAT” soʻzidan iborat boʻlib, uning “U” harfi “tabassum” ramzini ifodalaydi. U, oʻz navbatida, mamlakat Hukumatining yosh tadbirkorlarga uzatayotgan “yordam qoʻlini” aks ettiruvchi ikkita “kichik odamchalar”ning qoʻl siquvi natijasida shakllanadi.
Shiori
Shiorning oʻzbek tilidagi versiyasi: “Imkoniyatlar seniki!”. Shior “imkon”, “qulay, mos payt” maʼnolariga ega boʻlgan “fursat” soʻzining mohiyatini aks ettiradi. Bu loyihada u toʻgʻri kelgan vaqt, qulay, biznesni boshlash uchun foydali fursat degan maʼnoni anglatadi.