Maʼlum qilinishicha, hodisa 30-iyun kuni soat taxminan 05:10 da sodir boʻlgan. Dastlabki tergov maʼlumotlariga koʻra, “Kia” rusumli avtomobilni voyaga yetmagan shaxs boshqargan.

Toʻqnashuv oqibatida “Lacetti” avtomobilida boʻlgan ikki nafar fuqaro voqea joyida halok boʻlgan. Yana uch kishi, jumladan, ikki nafar yosh bola turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Hodisada ishtirok etgan voyaga yetmagan haydovchi oʻz qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, halok boʻlganlarning yaqinlari va ota-onasidan kechirim soʻragan. Uning aytishicha, otasining avtomobilini ruxsatsiz olib chiqqan va yoʻl-transport hodisasiga sababchi boʻlgan.

Shuningdek, voyaga yetmaganning ota-onasi ham jabrlanganlardan uzr soʻrab, qonun doirasida koʻriladigan har qanday choraga tayyor ekanini bildirgan.

Holat yuzasidan mahalla faollari, taʼlim muassasasi pedagoglari va oʻquvchilari ishtirokida jamoatchilik muhokamasi ham oʻtkazilgan.

Ayni paytda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ichki ishlar organlari ota-onalarga murojaat qilib, voyaga yetmaganlarning transport vositasini boshqarishi ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini eslatdi hamda farzandlar ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.