Sanoat ishlab chiqarish obyektlari, agrosanoat majmuasi korxonalariga tashrif buyurildi, ular misolida turli tarmoqlarning rivojlanish darajasi, aholining kommunal va ijtimoiy infratuzilmaga boʻlgan ehtiyoji, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar oʻrganildi.

Ishchi guruh aʼzolari tadbirkorlar va eksportchilar bilan bevosita muloqot kirib, ishlab chiqarish va eksport faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qildilar va ularni hal etish algoritmlarini ishlab chiqdilar. Mutasaddi rahbarlarga ularni bevosita joylarda amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Viloyat sanoatini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ichki bozorda, asosan, import hisobiga talabi qondirilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirishning ahamiyati qayd etildi. Shu munosabat bilan, Navoiy viloyatida hududiy import tuzilmasini batafsil tahlil qilish, aniq mahsulot pozitsiyalarini aniqlash va ushbu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida loyihaviy takliflarni ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, aholini infratuzilma va ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlashda mavjud muammolarning inventarizatsiyasini oʻtkazish, ularni bartaraf etish boʻyicha masʼul rahbarlar va muddatlarni koʻrsatgan holda aniq amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

Ayni vaqtda ishchi guruh viloyatdagi mavjud muammolarni oʻrganish va ularni hal etish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishda davom etmoqda, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.