Toshkent viloyatida jahl ustida mijozining sochini kalga olib tashlagan sartarosh uzr soʻradi

    Ijtimoiy tarmoqlarda sartarosh mijoz sifatida kelgan yigitning sochini jahl ustida kalga olib tashlagani aks etgan videolar tarqaldi.

    Videoda yigit soch va soqolini qanday olishni notoʻgʻri tushuntirgani uchun sartaroshning jahli chiqqanini va kalga olish orqali undan qasd olganini koʻrish mumkin. Shuningdek, sartarosh bu ishni qilishdan oldin undan nima ishda ishlashini soʻrab olgan. Yigit bobosining qoʻlida ishlashini aytgan.

    “Kimni chaqirasan endi, buvingni chaqirasanmi?” — degan sartarosh. Yigit shunda ham undan uzr soʻragan va adashganini aytgan.

    Sartarosh esa qilgan ishiga quyidagicha izoh berdi va uzr soʻradi:

    «Xizmat vaqtimda menga notanish boʻlgan fuqaro soch oldirish uchun keldi. Sochingni olaymi, soqolingnimi, deb 3-4-marta soʻradim. U sochimni oling, soqolimni oling, dedi. Jahl ustida qizishib ketib kalga olib tashladim. Undan, ota-onasi, aka-ukalari, yaqinlaridan uzr soʻrayman. Holat boʻyicha har qanday jazoga roziman. Qilgan ishimdan pushaymonman. Oʻzbekiston xalqidan uzr soʻrayman».

    Viloyat IIBBga koʻra, holat 2022-yilning oktyabr oyida sodir boʻlgan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgunga qadar yoki oʻtgan davr mobaynida IIOga murojaat kelib tushmagan. Holat yuzasidan belgilangan tartibda qonuniy chora koʻrilib, natijasi boʻyicha jamoatchilikka axborot beriladi.

    Toshkent tumanida yashovchi sartaroshning xatti-harakatlari Toshkent viloyati IIBB nazoratida tuman ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻrganildi va qonuniy chora koʻrilishi taʼminlanmoqda.